Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Maktabda nima gaplar?»

«Maktabda nima gaplar?»

Shu savolni har kuni eshitaman: «maktabda nima gaplar?» Kimdan? Aksariyat tengdoshlarim kabi ota-onamdan-da. Bu savolda o‘g‘lim, o‘qishlaring qanday ketyapti, baholar qanaqa, darslarni o‘zlashtirish-chi, kabi qator ma’nolar mujassamki, gohida mamnuniyat bilan javob bersam, gohida hijolatga tushgan paytim ham bo‘lgan. Qisqasi, deyarli har kuni shu savolga tayyor turishimga to‘g‘ri keladi. Javoblardan ba’zan olqish olsam, ba’zan... xullas, tushundingiz.

Kuni kecha shu savol yana takrorlandi. Javobim naqd edi, hammasini bir boshdan, xuddi kecha yodlagan she’rimday sharrillatib aytishga tushdim.

...Xullas, maktabimizda ajoyib tadbir bo‘lib o‘tdi. Mavzu chekish, giyohvand moddalarga berilish, insoniyatning boshiga balo bo‘layotgan yana bir illat – SPIDga sabab bo‘ladigan omillar va ularning ayanchli oqibatlari haqida edi. Yo‘q, bu balolar haqida ustozlarimizning o‘zlari yana gapirib o‘tirmadilar (avval ko‘p gapirib berishgan bu haqda). Balki bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, bu kabi illatlar haqida gapirishni, gapirgandayam fikrimizni ko‘rgazmalari chiqishlar orqali ifoda qilishni o‘zimizga yukladilar. Yana tayinlandiki, tadbirga nafaqat maktabimiz o‘qituvchilari, balki Sergeli tumanidagi barcha maktablarning biologiya fani ustozlari tashrif buyuradi, yuzimizni yerga qaratmanglar-a, deb...

Shu tariqa tayyorgarlik ko‘rdik. Tayyorgarlik jarayonida ustozlarimiz nega hammasini biz, o‘quvchilarning o‘zlariga yuklashganini anglab yetganday bo‘ldik, rosti. Chekish, giyohvandlik, SPID kabi balolar haqida ko‘p eshitganmiz, to‘g‘ri. Biroq eshitish boshqa, bular haqida tadbir bahona o‘zimiz tayyorgarlik qilishimiz boshqa ekan. Shu jarayonda bu kabi illatlarning og‘ir oqibatlarini nafaqat tasavvur qildik, balki ich-ichmizda his etdik. Ko‘pgina sinfdoshlarimning eti junjikib ketdi hatto. Ustozlarimiz shuning uchun ham mas’uliyatni o‘zimizga yuklagan bo‘lsa, ajabmas. Sinf rahbarimiz Yelena Valerevna (Grekova) bejiz ta’kidlamas ekan: tasavvur qilish boshqa, his etish boshqa, deb...

Avvaliga mavzu bo‘yicha biz — 9-«A» sinf o‘quvchilari chiqish qildik. Har yili chekish va giyohvandlik sabab qancha inson bevaqt hayotdan ko‘z yumayotgani haqida og‘riqli va dahshatli raqamlar keltirildi. Sog‘lom turmush tarzining nafaqt insoniyatning o‘ziga, balki atrof-muhitga ijobiy ta’siri xususida ham qiziqarli chiqishlar qilindi. Keyin navbat 9-«B» sinfiga keldi. Ikkala sinf o‘quvchilari ham bo‘sh kelmaslikka harakat qildi, albatta. Ular ham salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har bir narsadan inson a’zolari qanchalar azoblanishini jonli ifoda qilishga harakat qilishdi. Chakki chiqmadi lekin...

Qaysi sinfning qo‘li band keldi? Bunisi ko‘pam ahamiyatli emasdi, to‘g‘risi. Maqsad bu tadbirda kim zo‘rligini ko‘rsatish emas, balki tengdoshlarimizni bu xavfdan ogoh etib, sog‘lom turmush tarzi qanchalar bebaho ne’mat ekanini bildirish, shu barobarida o‘zimiz ham yana bir bor his etish edi, xolos.

Niyatimizga yetdik, chamasi. Olqishlar, samimiy tashakkurlar... Har holda, tadbir nihoyasida o‘qituvchilarimiz manunligini ko‘rdik. Ulardagi xursandchilik bizga ham o‘tdi...

...Bunday tadbirlar maktabimizda tez-tez bo‘lib turadi. Mana, bugun informatika bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Ertadan esa yaqinlashib kelayotgan xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan onajonlarimizni xursand qilishga qaratilgan tadbirga tayyorgarlikni boshlab yuboramiz. Bu tadbirga maktabimizdagi barcha sinf o‘quvchilari astoydil tadorik ko‘rmoqda...

Aytgancha, maktabimizni aytmabman-ku?  Ehtimol, eshitgan chiqarsiz: Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 47-maktab...

Maktabimiz ancha ilg‘or ta’lim dargohi hisoblanadi.

Oyatulloh Adhamjonov,
shu maktabning 9-«sinf o‘quvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring