Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

O‘qituvchilarni muhofazalovchi qonun kerak!

O‘qituvchilarni muhofazalovchi qonun kerak!

Foto: «Sirkhtb.uz»

Yetarlicha oh-voh chekdik. Endi bunday fojia takrorlanmasligi uchun choralar haqida o‘ylaylik.

Turli takliflar aytilayapti. Ko‘pchilik o‘qituvchining o‘zini ayblayapti, qo‘ydek haydasa ketaveradimi, bormayman, ko‘cha tozalamayman desin deyapti. Lekin, nazarimda, bu jahl ustida aytilgan gap, konstruktiv taklif emas. Bunday deyotganlarni qoralamayman, jon achchig‘ida, ichi kuyib aytishayapti. Biroq ehtiroslardan tiyilib bir o‘ylab ko‘raylik, ular ko‘cha tozalashga chiqmayman desalar nima bo‘ladi?

Parallel keltiraman: jurnalistlarni oling. Haq gapni aytish imkoni bo‘lmagani uchun qanchasi yozmayman dedi, sohadan ketdi. Nima bo‘ldi? Haq gapni aytolmaydigan jurnalistlarsiz qiyin deb birov bir nimani o‘zgartirdimi? Maddoh bosib ketdi-ku hamma yoqni.

Ta’limdan kadrlarning boshqa sohaga ketishi bundan dahshatliroq holatga olib keladi. Menimcha, hozir eng to‘g‘ri yo‘l ― o‘qituvchilarni qonun va jamoatchilik himoyasiga olish. Chunki hech qachon sistemaga qarshi murvatning o‘zi kurasholmaydi. Sistemaga qarshi kurashish uchun irodali boshqa bir sistema kerak.

Men ayni damda kuchli davlat muhofazasi va kafolatlarini ta’minlaydigan qonun hamda uning ijrosini nazorat qiladigan hushyor jamiyatni shunday sistema sifatida ko‘rayapman. O‘qituvchiga madad bo‘lishimiz, xuddi kutubxonalarni, boshqa moddiy yutuqlarni himoya qilgandek, ularni ham muhofazalashimiz kerak.

Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining ruxsatisiz ko‘chadagi bitta daraxtni kesib bo‘lmasa ekanu, o‘qituvchini ish joyidan qo‘zg‘atish va boshqa yumushlarga jalb qilish uchun mahalliy darajadagi rahbarning og‘zaki buyrug‘i kifoyami? Bu noto‘g‘ri!

Takliflarim:

  1. O‘qituvchilarni sohadan tashqaridagi turli darajali rahbarlardan himoyalaydigan qonun ishlab chiqilishi kerak. Unda ta’lim xodimlarini jamoat yumushlariga jalb qilish taqiqlansa (hatto o‘zlari ariza yozib iltimos qilgan taqdirda ham. Dars payti «vijdon amriga bo‘ysunib» ko‘cha tozalagisi kelsa, sohasini o‘zgartirsin).
  2. Qonun ijrosi davlat va jamoatchilikning kuchli nazoratiga olinsa. Monitoringlar o‘tkazilib, muallimlarning ko‘cha tozalayotgan, saylov va boshqa tadbirlar tashkilotchiligi bilan shug‘ullanayotgan holatlari aniqlansa va chora ko‘rish vakolatiga ega tashkilotlarga hamda OAVga ma’lum qilinsa.
  3. O‘qituvchilar uchun «qaynoq liniya» ochilsa va o‘z vazifasidan boshqa ishga jalb qilingan hollarda darhol tegishli joylarga, jamoatchilikka xabar yetkazish imkoni yaratilsa. Bu ish davlat tashabbusi bilan va uning nazorati ostida qilinsa, o‘sha «qaynoq liniya» hech bo‘lmasa bir yil «prezidet portali» kabi rejimda ishlasa, juda zo‘r bo‘lardi.

Mana konstruktiv taklif! Deputatlar bo‘lsa, teg qilsangiz yoki shaxsan yetkazsangiz, minnatdor bo‘lar edim.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring