Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozod Rajabov: Yoshlarimiz dasturlash tillari asosi bo‘lgan aniq fanlarni mukammal o‘zlashtirishlari kerak

Ozod Rajabov: Yoshlarimiz dasturlash tillari asosi bo‘lgan aniq fanlarni mukammal o‘zlashtirishlari kerak

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Ozod Rajabov.

Foto: «Xabar.uz»

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturi» doirasida joriy yil AKT sohasida ko‘plab qilinishi zarur bo‘lgan, amalga tatbiq etilishi kutilayotgan ilmiy ishlar, innovatsion ishlanmalar turibdi. Bu borada yoshlarimizning hech bir tashabbusi e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlash muhim vazifa. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Ozod Rajabov bilan ayni shu mavzuda suhbatlashdik.

— Ozod aka, universitet ilmiy va ilmiy-tadqiqot bo‘limlari (ITB) faoliyati haqida ma’lumot bersangiz. Ularning asosiy maqsadi nima?

— Bo‘limlarning asosiy maqsadi — universitet ilmiy-tekshirish laboratoriyalari, guruhlari va kafedralariga fundamental, amaliy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etishga va xo‘jalik shartnomalarini shakllantirishga yordam berish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, marketingini o‘tkazish va respublika ko‘rgazmalarida namoyish qilishga ko‘maklashishdan iborat.

Jumladan, ITB fundamental, amaliy tadqiqot, innovatsiya loyihalari va xo‘jalik shartnomalarini shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari bilan hamkorlik qiladi. fundamental, amaliy tadqiqot, innovatsiya loyihalari tanlovida kafedralar, ilmiy laboratoriya va guruhlarining faol ishtirokini ta’minlab, ularga ko‘maklashadi. texnik va texnologik asbob uskunalar, qurilmalar, materiallar olish uchun tender hujjatlarini tayyorlash, oraliq-bosqich hisobotlari bo‘yicha Moliya vazirligi bilan muntazam moliyalashtirishni ta’minlovchi chora-tadbirlarni bajarish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ishlab chiqarishga, o‘quv jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha axborotlar va hisobotlar bo‘lishini ta’minlash, ixtiro va texnik-iqtisodiy tahlillarni amalga oshirish, xalqaro va respublika miqyosidagi seminarlar va konferensiyalarni o‘tkazishda qatnashish hamda tashkiliy ishlarni amalga oshirish va boshqa shu kabi vazifalarni bajaradi.

— O‘tgan yili qanday loyihalar, dasturiy ishlanmalar amalga oshirildi?

— 2017-yilda universitet Ilmiy-texnik dasturlari doirasida beshta fundamental, 25ta amaliy, oltita innovatsion ish olib borildi va bu boradagi ishlar hamon davom etmoqda.

— Hozir-chi?

— Universitetda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlar bilan 24ta xo‘jalik shartnomasi tuzilgan. Shuningdek, universitet JICA, KOICA, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi loyihasida ishtirokchi sifatida qatnashmoqda.

— Tashabbuskor, iqtidorli talabalar bilan ishlash haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Ular bilan ishlashda innovatsion guruhlar tashkil etilib, guruhlarda O‘zbekiston tarixi, ob’yektga mo‘ljallangan dasturlash, zamonaviy menejment muammolari, chet tili, informatika va axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya tarmoqlarida signalizatsiya tizimlari, raqamli kommutatsiya tizimlarining amaliy tizimlari, raqamli televideniye va maxsus fanlardan qo‘shimcha darslar tashkil qilingan. Iqtidorli talabalarni ilmiy rahbarlarga biriktirish yo‘li bilan ilmiy izlanishga jalb etish yuzasidan fakultetlarda ishlar olib borildi. Har bir iqtidorli talabaga mutaxassis kafedralardan professor-o‘qituvchilar biriktirildi.

Iqtidorli talabalar faoliyatini mustahkamlash maqsadida INTV.UZ ijodiy guruhi tashkil etilgan. Guruh universitet internet tarmog‘ida media targ‘ibot va axborot ta’minoti bilan shug‘ullanib kelmoqda.

— O‘tgan yili Muhammmad al-Xorazmiy fondi tashkil etilgan edi. Ushbu fond haqida batafsilroq ma’lumot berib o‘tsangiz.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyundagi «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori universitetda ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirishda asosiy omil bo‘lmoqda. Ayni damda jamg‘arma hisobidan universitet moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘quv laboratoriyalari tashkil etish bo‘yicha loyihalar olib borilyapti.

— AKT sohasi shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda yoshlarga qaysi dasturlash yo‘nalishlari ma’qul, deb hisoblaysiz?

— Axborot texnologiyalari bugun to‘xtov va chegara nimaligini butkul unutib qo‘ydi. Qandaydir innovatsion yangilik butun dunyoga soatlar ichida tarqalib ketmoqda. Dasturlash tillari va yo‘nalishlari ham AKT bilan hamjihatlikda o‘sib boryapti. Aniq bir yo‘nalishni yoki dasturlash tilini tavsiya qilish, mening fikrimcha, mumkin emas. Yoshlarimiz, eng avvalo, dasturlash tillari asosi bo‘lgan aniq fanlarni mukammal o‘zlashtirishlari kerak. Ushbu fanlardan mustahkam bilimga ega inson har qanday dasturlash tilini bemalol o‘zlashtira oladi. Bu borada Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilganligi fikrimizni asoslab beradi.

— AKT sohasiga qiziquvchi yoshlarga takliflaringiz.

— 2018-yilda xalqaro tajribani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, axborot texnologiyalari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga «Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi» rezidentlari bo‘lishlarini tavsiya etgan bo‘lar edim.

Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va milliy kadrlar tayyorlash ishlarini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorlarimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish asosiy maqsadimiz bo‘lishi va shu maqsad yo‘lida harakat qilishimiz kerak.

— Suhbatingiz uchun rahmat!

G‘ulomjon NAZAROV suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring