Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda

Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda

Foto: «Uz24.uz»

Maqolani yoza boshlaganimda bir voqea esimga tushib ketdi.

2017-yil iyul oyi oxirlari edi. «O‘zbekiston» telekanali orqali «Munosabat» ko‘rsatuvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan paytda taniqli adabiyotshunos olim Omonulla Madayev kirish imtihonlari uchun ona tili fanidan tuzilgan bitta testni muhokama qilib, uning o‘ta murakkab ekanini ta’kidladi va «Test tuzayotganlarning farzandi bormi? Agar bo‘lganda, bunday mujmal testlarni tuzmasdi», — deb yonib-kuyib gapirdi.

Men ham shu ustoznikiga o‘xshagan fikr aytmoqchiman, ya’ni darsliklarni yaratayotgan mualliflar orasida maktabda dars beradigan (qachonlardir ishlab ketgan emas), amaliyotni tushunadigan, o‘quvchining psixologik-fiziologik xususiyati bilan hisoblashadigan mutaxassislar bormi?

Alisher Navoiyning «Xamsa» asaridagi «Layli va Majnun» dostonini hammamiz sevib mutolaa qilganmiz. Ayrimlar hazrat Navoiyga «Layli unchalik go‘zal emas-ku hajrida majnunu devona bo‘lishga arzigulik?» deyishganda, ulug‘ shoir Laylining go‘zalligini payqash uchun unga Majnunning ko‘zi bilan qaramoq joizligini aytgan ekan.

Maktab darsligiga ham olim ko‘zi bilan emas, balki maktab o‘qituvchisining ko‘zi bilan qarash kerak. Professor mustaqil holatda talaba uchun chiroyli darslik yaratishi mumkin, maktab o‘quvchisi uchun esa...

Darsliklarni tajriba sinov maydonchalarida ikki yuz-uch yuz o‘quvchida sinab ko‘rib minglab o‘quvchiga tatbiq qilish adolatdanmi? Yana bunday tajribalar Toshkent shahrining eng ko‘zga ko‘ringan a’lochilar o‘qiydigan maktabida o‘tkazilsa!

Maktab dasturi qanchalik murakkablashsa, o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar soni shunchalik ortib, bilim sifati «manfiy»ga o‘tib ketadi. Iqtidorli o‘quvchilar masalasiga kelsak, ular uchun alohida darslik va adabiyotlar mavjud-ku?

Biz institutda o‘qigan paytlarimizda o‘zi yosh, lekin bilimi zo‘r bir domla bor edi. Shu domla kuchli bilimi bo‘lgani bilan mavzuni tushuntirishga qiynalardi. To‘g‘ri, hozir ham salohiyatli o‘qituvchilarimiz ko‘p, lekin o‘quvchi miyasining 90 foizi telefon va kompyuterlardagi elektron manbalar bilan to‘lgan. Istaymizmi-yo‘qmi, shunday.

Hozirgi 10-sinf matematika darsligi, to‘g‘risi, biz institutda o‘rgangan mavzular bilan boyitilgan, unda ona tiliyam bor, informatikayam bor...

Misol tariqasida 10-sinf matematikasining «Algebra» qismini olaylik.

  1. Mulohazalar. Inkor, kon’yunksiya va diz’yunksiya.
  2. Mantiqiy tengkuchlilik, mantiqiy qonunlar.
  3. Imlikatsiya, konversiya, inversiya, kontrapozitsiya.
  4. Predikatlar va kvantorlar.
  5. To‘g‘ri fikr yuritish (argumentatsiya) qonunlari.

O‘quvchilarimiz matematikani aniq fan sifatida bilishadi. Yuqoridagi mavzularni kiritishda mualliflar nimani nazarda tutishgan?!

Geometriya qismi esa fizikadagi «Broun harakati»ning o‘zginasi.

Prezidentimiz 10—11-sinflarga qaytish bo‘yicha fikr bildirganida darsliklarni shoshib, pala-partish yozib tashlashni nazarda tutmagan-ku?!

Darslik mualliflariga ilgarigi 10—11-sinflar uchun tuzilgan darsliklarning qaysi jihatlari noma’qul keldiki, ularni butunlay o‘zgartirib yuborishga sabab bo‘lsa?!

Mualliflarning ta’biri bo‘yicha respublikamizda ular keltirgan mavzularni o‘quvchilarga qoyilmaqom qilib yetkazib beradigan professional o‘qituvchilar yetarliday. Vaholanki, 408 mingdan ortiq o‘qituvchidan 3 foizi oliy toifali, 12 foizi 1-toifali, 50 foizi mutaxassis, qolganlari...

O‘qituvchi va shifokor xato qilishi mumkin emas. Shifokorning xatosi nogironlikka yoki o‘limga olib kelsa, o‘qituvchining xatosi o‘quvchi kelajagini barbod qilishi mumkin.

Hurmatli mualliflar, darslik yaratayotganingizda mamlakat bo‘yicha har bir sinfda besh yuz mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olayotganini, ular taqdirining bir qismi sizga ham bog‘liq ekanini aslo unutmang.

Murodjon Xo‘janiyozov,
m
atematika fani o‘qituvchisi.
To‘rtko‘l tumani.


Tahririyatdan: yurtdoshlarimizdan ushbu mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini elektron pochtamiz (mail@xabar.uz) yoki «Telegram»dagi (+99890) 357-97-00 raqamiga yozib yuborishlarini so‘raymiz. Islohotlar jarayoniga Siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring