Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dardimizga davo bormi? Tilshunosligimizni kishanlardan xalos etaylik

Dardimizga davo bormi? Tilshunosligimizni kishanlardan xalos etaylik

Foto: «Sputnik»

Maktabda yoshlarimiz ona tili mashg‘ulotlarida boshi ham, adog‘i ham yo‘q, buning ustiga darslikdan darslikka o‘tish, sinfdan sinfga ko‘chish bilan keskin o‘zgarib turadigan son-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarni yodlashga majbur bo‘lishmoqda. Matnning, berilgan gaplarning avra-astarini chiqarib, ipidan ignasigacha lingvistik tahlil qilishadi. Ayniqsa, DTM tomonidan oliy o‘quv yurtlariga kirish testlarida «Ona tili» o‘quv fanidan qo‘yilayotgan test savollari shu darajada ilmiylashib ketganki, ularning nari borsa, o‘n foizigina o‘quvchining og‘zaki va yozma nutqi uchun ishlashi mumkin. Qolganlari faqat oliy o‘quv yurtiga kirishdan boshqasiga yaramaydi.

Bu testlarni yechishga har qanday tilshunos ham qiynaladi. Unli tovushning til oldi va til orqaligi, lablangan-lablanmaganligi, quyi keng, o‘rta keng, yuqori torligi, til undoshning lab-lab, lab-tish, til oldi, til yoni, til o‘rta, til orqa tovushining yaqin til orqa, chuqur til orqaligi haqidagi bilim bolaning ona tili imkoniyatlarini egallashi uchun hech qanday ahamiyatga ega emas-ku! Yillab «Ona tili» darsliklariga mukkasidan ketib, repetitorga pul to‘lab uni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan o‘quvchi ham boshqa fanlardan ancha kam natijaga erishadi. Axir, bu yosh avlodga behuda azob berishdan boshqa narsa emas-ku! Nega farzandlarimiz ohiga quloq tutmaymiz? Nega ular haqida qayg‘urmaymiz?

Ahvol OAVlarida, TVda oddiy fuqarolar tomonidan ko‘p bora aytildi va aytilmoqda. Yaqinda men QVZda eshitgan mana bu kabi savollar millat uchun sharmandalik emasmi:

Uch yuz ko‘hi qofni kelida tuymoq,

Dil qonidan bermoq falakka bo‘yoq,

Yoinki bir asr zindonda yotmoq,

Nodon suhbatidan ko‘ra yaxshiroq.

(Pahlavon Mahmud)

Ushbu to‘rtlikdagi ergashtiruvchi bog‘lovchi bilan bog‘langan qo‘shma gapda fe’ldan anglashilgan harakat tarziga bajaruvchining munosabati ifodalangan so‘zlardagi yasovchi asosi bir so‘z turkumi doirasida omonimlik xususiyatiga ega bo‘lgan fonetik o‘zgarishga uchragan, jarangli, sirg‘aluvchi, ovozdor undosh bilan tugagan yopiq bo‘g‘inlar tarkibida yuqori tor, og‘izning ochilish darajasiga ko‘ra lablanmagan unli necha o‘rinda qo‘llangan?

A) 2 B) 3 C) 4 D) 5

Aslida ta’lim oluvchini ona tili imkoniyatlari bilan qurollantirish maqsadi yillar o‘tishi bilan ikkinchi planga surilib, nazariy bilimlar berish esa birinchi o‘ringa chiqib oldi. Natija xaotik ravishda ulkan muammoni keltirib chiqardi. Shuning uchun men tilshunos sifatida millatdoshlarimizga «ona tilimizni, ona tili bo‘yicha kirish testlarini tilshunosligimiz kishanlaridan xalos etish kerak», deya murojaat qilaman.

Ona tili darsliklari va kirish testlarini tubdan qayta shakllantirish lozim! Keraksiz tilshunoslikdan xoli qilingan ona tilimiz millatga xizmat qilsin!

Baxtiyor Mengliyev,

ToshDO‘TAU professori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring