Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Acer» O‘zbekistonda faollashmoqda: ultrabuklardan tortib geymer qurilmalarigacha (foto)  

«Acer» O‘zbekistonda faollashmoqda: ultrabuklardan tortib geymer qurilmalarigacha (foto)  

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 12-sentyabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida kompyuter texnikasi va qurilmalari ishlab chiqarishda jahon yetakchilaridan biri — «Acer» kompaniyasi matbuot anjumani o‘tkazdi.

«Acer Markaziy Osiyoda» — matbuot anjumani ana shu shior ostida o‘tkazilib, kompaniyaning Markaziy Osiyo bozorlaridagi faoliyatidan tortib, Berlinda o‘tkazilgan «IFA 2018» xalqaro ko‘rgazmasida taqdim etilgan eng so‘nggi ishlanmalarigacha qamrab oldi.

O‘zbekistonda 2018-yilda kompaniyaning 83 mingdan ziyod noutbuklari sotilishi kutilyapti, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yilga borib mamlakatimizda ushbu kompaniya noutbuklari sotilishi 75 foizga o‘sadi yoki 146 mingtaga ko‘payadi.

Matbuot anjumani ma’lumotidan

«Acer» kompaniyasining YeMEA mintaqasi (Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika) vitse-prezidenti Grigoriy Nizovskiy kompaniyaning O‘zbekistondagi yangi bozor strategiyasi, mintaqaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, asosiy mahsulotlariga to‘xtalib o‘tdi:

— «Acer» O‘zbekistondagi bozor va tovar strategiyasini o‘zgartiradi, e’tiborni yuqori daromadli segmentlarga qaratadi. Xususan, turli-tuman o‘yin qurilmalari va monitorlarini ko‘paytiradi. Mamlakatingizdagi biznes vakillari va oddiy foydalanuvchilarga ultrayupqa noutbuklarimiz ma’qul keladi, degan umiddamiz. Darvoqe, raqobatchilarimizning narx siyosati biz uchun ahamiyatsiz, «Acer» o‘z faoliyati asosida iste’molchilar uchun eng yaxshi narx-sifat nisbatiga erishmoqchi. Ushbu strategiya Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa ko‘plab mamlakatlar bozorlarida o‘zini oqladi.

«Acer»ni, shuningdek, davlat sektori va hukumat loyihalari ham qiziqtirmoqda. Biz taklif etayotgan mahsulotlar chidamli va universal bo‘lib, sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish a’lo darajada».

Kompaniyaning o‘yin qurilmalari nafaqat noutbuklar, balki statsionar kompyuterlar, monitorlar va boshqa qurilmalardan iborat bo‘lib, professional kibersportchilar va havaskor geymerlar uchun mo‘ljallangan. «Predator» va «NITRO» noutbuklari foydalanuvchilar uchun katta erkinlik va keng aloqa imkoniyatlarini beradi.

«Acer» kompaniyasi ultrayupqa noutbuklar segmentida «Switch», «Spin» va «Swift» modellarini taklif etmoqda. «Spin 1» transformeri planshetga ham aylanadi, «Swift 3» — zamonaviy turmush tarzini istaganlar uchun, «Swift 5» esa dunyodagi eng yengil noutbuk (ekrani 15 dyuymli bo‘lishiga qaramay, og‘irligi 990 gramm). «Spin 5» funksiyalarga juda boy bo‘lsa, romsiz displeyli «Swift 7» dunyodagi eng yupqa noutbukdir (qalinligi atigi 8,98 mm.).

Tadbir doirasida «Acer» kompaniyasi yuqorida sanab o‘tilgan noutbuklar taqdimotini o‘tkazdi.


Kompaniya haqida

«Acer» kompaniyasiga 1976-yili asos solingan. Ayni paytda jahonning yetakchi axborot texnologiyalari kompaniyalari qatoriga qo‘shilgan, 160 dan ortiq mamlakatda faoliyat yurityapti. Kompaniya apparat va dasturiy ta’minot hamda xizmatlar o‘zaro uyg‘unlikda ishlovchi — iste’molchilar va biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etuvchi muhit yaratishga ixtisoslashgan. «Acer»ning 7000 dan ziyod xodimlari bevosita tadqiqotlar, dizayn, marketing, savdo, mahsulot va yechimlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida band.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring