Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UZINFOCOM» — «Oracle» kompaniyasining vakolatli hamkoriga aylanishi mumkin

«UZINFOCOM» — «Oracle» kompaniyasining vakolatli hamkoriga aylanishi mumkin

Foto: «Mitc.uz»

Kecha, 8-noyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida «Oracle» kompaniyasi vitse-prezidenti Jovanna Sanjorji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda vazirning birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ishtirok etdi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: «Mitc.uz»

Olimjon Umarov O‘zbekistonda «Oracle» kompaniyasining faoliyat doirasi kengayishiga, kompaniyaning mamlakatda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishdagi ishtiroki faollashuviga qiziqish mavjudligini bildirdi.

Bugungi kunda «Elektron hukumat» tizimi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilgan. Ushbu tizim va ma’lumotlar bazalarini yaratishda «Oracle» kompaniyasi yechimlaridan ham foydalanilgan.

Uchrashuvda «Oracle» kompaniyasi O‘zbekistondagi biznesini kengaytirishi uchun litsenziyalash siyosatini qayta ko‘rib chiqishi lozimligi bildirildi. Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun «UZINFOCOM» yagona integratorini «Oracle» kompaniyasining vakolatli hamkori etib belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi hamda yagona integratorning maqsad va vazifalari haqida mehmonlarga batafsil ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekistonda «Oracle» kompetensiya markazini tashkil qilish, AKT yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, ta’lim sohasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, biznes yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

«Oracle» vitse-prezidenti Jovanna Sanjorji kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish va hamkorlikni jadallashtirish taklifidan mamnunligini bildirdi.

Tomonlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini aniq belgilab olish va shu asosida «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

«Oracle» kompaniyasi axborot texnologiyalari va korporativ dasturiy ta’minot yetkazib beruvchi dunyoning yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.  Kompaniya dasturiy ta’minot va biznes-ilovalarni (ERP va CRM-tizimlar) o‘zaro bog‘lovchi ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.  

Korporatsiya bo‘linmalari dunyoning 145dan ortiq mamlakatlarida mavjud, shtab-kvartirasi AQShda, Kaliforniya shtatidagi Kremniy vodiysida joylashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring