Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng talabgir xizmatlar, murojaatlar, ommabop saytlar... Yagona portalning 2017-yilgi statistikasi

Eng talabgir xizmatlar, murojaatlar, ommabop saytlar... Yagona portalning 2017-yilgi statistikasi

Qaysi davlat tashkiloti xalqqa xizmat ko‘rsatishda jonbozlik ko‘rsatdi?

Foto: «Egovernment.uz»

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘rt yildan ziyod vaqt davomida xalq bilan davlat organlarini bevosita bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

2013-yilda test rejimida ishga tushirilgan portal xalq uchun kerakli bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatib, foydalanuvchilarning ishonchini oqladi desak, xato bo‘lmaydi. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish hamda portalni yanada takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish maqsadida 2017-yilning may oyidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqini — my2.gov.uz sinov tariqasida ishga tushirildi.

Xo‘sh, Yagona portal 2017-yilda qanday faoliyat yuritdi, foydalanuvchilar tomonidan qaysi xizmatlarga talab oshdi, qaysi davlat tashkiloti xalqqa xizmat ko‘rsatishda jonbozlik ko‘rsatdi?  

2017-yilning dekabr oyidagi ma’lumotga ko‘ra, Yagona portaldan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 239 083 nafarni tashkil etdi.

2013 — 2017-yillarda Yagona portalga jami 1 750 351 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 99 foizi bo‘yicha murojaatchilarga javob berilgan.

Eng talabgir xizmatlar

Yagona portal rasmiy saytining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yil dekabr holatiga ko‘ra 91 mingdan ziyod xizmatlar taqdim etilgan bo‘lib, ularning 92 foizini bojxona xizmatlari tashkil etgan. Aynan tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt (shartnoma) ma’lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish (27 316), Bojxona organlariga elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim etish (24 690) kabi xizmatlardan foydalanuvchilar ko‘p marta foydalangan.

Umumiy statistika

2017-yilning umumiy statistikasiga muvofiq, Yagona portalga xizmatlardan foydalanish uchun 762 360 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 761 998 tasi to‘liq qayta ishlangan. Quyida keltirilgan jadvalda Yagona portalga kelib tushayotgan murojaatlar dinamikasi aks ettirilgan bo‘lib, unda 2017-yilga kelib murojaat yuborish yoki xizmatlardan foydalanish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sganini ko‘rish mumkin:

Kunlar bo‘yicha murojaatlar statistikasini tahlil qiladigan bo‘lsak, arizalar ish kunlarida bir xil maromda kelgan, dam olish kunlari esa ularning kelishi keskin kamaygan. Albatta, bu tabiiy hol, davlat xizmatlariga bo‘lgan talab aynan ish kunlari yuqori darajada bo‘ladi.

Saytlarga tashrif buyuruvchilar statistikasi (www.uz)

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat tashkilotlari veb-portallari orasida eng ommabop va tashrif buyuruvchilari soni ko‘pi Moliya vazirligining rasmiy veb-saytidir. Xususan, 34 192 ta murojaat Moliya vazirligining rasmiy veb-sayti orqali davlat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish interaktiv xizmati yuzasidan kelib tushgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hukumati portali — «Gov.uz» portaliga foydalanuvchilar 13 387 marta tashrif buyurgani qayd etilgan.

Murojaatlar kelib tushishi

Bu ro‘yxatda Bojxona qo‘mitasi yetakchilik qilmoqda. Xususan, mazkur tashkilotga 1 279 187 ta murojaat kelib tushgan va ularning 1 267 636 tasi to‘liq ko‘rib chiqilgan. Bugungi kunda murojaatlarning 1340 tasi ko‘rib chiqish jarayonida. Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasini jami 44 348 ta murojaat bilan Ichki ishlar vazirligi egallamoqda. Mazkur arizalarning 41 129 tasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan va javob xatlari yuborilgan.

Gender statistikasi

Yagona portalga murojaat qiluvchilarning aksariyati, ya’ni 78 foizi erkaklar, qolgan 22 foizi ayollardir. Bundan tashqari:

  • 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan arizachilarning 26,1 foizi erkaklar, 5,1 foizi esa ayollar;
  • 36 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning 19,4 foizi erkaklar, 4,8 foizi ayollar;
  • 45 yoshdan yuqori bo‘lgan murojaatchilarning 20,5 foizi erkaklar, 7,2 foizi ayollardir.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring