Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda «milliy smartfon» taqdim qilindi. Vazir yosh mutaxassis ixtirosiga yuqori baho berdi (foto)

Navoiyda «milliy smartfon» taqdim qilindi. Vazir yosh mutaxassis ixtirosiga yuqori baho berdi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Avval xabar qilganimizdek, AKT vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida bo‘lib, soha korxona va tashkilotlari faoliyatini o‘rganmoqda. Ishchi guruh Beshrabot tumanlararo pochta aloqasi va Navbahor telekommunikatsiyalar bog‘lamalarida, shuningdek, Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasidagi «TELECOM INNOVATIONS» hamda «TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonalarida bo‘ldi.

Vazirlik «Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o‘quv markazlari» loyihasini  amalga oshirishga kirishgan. Sirdaryo va Namangan viloyatlarida bo‘lganidek, Navoiy viloyatida ham ana shu loyihani ro‘yobga chiqarish uchun o‘quv markazlariga joy tanlanmoqda. Jumladan, Beshrabot tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining Navbahor tumani markazidagi binosida o‘quv markazi uchun xonalar ko‘rib chiqildi. Vazir Shuhrat Sodiqov zarur bo‘lsa, o‘quv markaz o‘qituvchilari, pochta va telekom korxonalari mutaxassislari uchun xizmat uylari qurish lozimligini aytib o‘tdi. Navbahor telekommunikatsiyalar bog‘lamasi hamda «TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonasi yosh xodimlari bilan muloqot judayam ochiq va samimiy o‘tdi. Navbahorlik telekomchilar tuman markazida Wi-Fi zonasi tashkil etish taklifi bilan chiqishdi.

«TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonasi joriy yilda 15 ta loyihani amalga oshirmoqchi. Misol uchun, korxona mutaxassislari taklif etayotgan ixchamgina Wi-Fi routeri bino ichida 30 metrni, bino tashqarisida 60 metrni internet bilan qamrab oladi.

Yoki bo‘lmasa, yosh mutaxassis Zarnigor Jumanova taklif etayotgan smartfon o‘ziga xos ko‘rinishga ega, unga «Kutubxona» dasturi o‘rnatilgan. Smartfonda o‘zbek yozuvchi va shoirlarining badiiy asarlari — Alisher Navoiyning «Xamsa»si,  buyuk sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari», o‘zbek mumtoz kuy va qo‘shiqlari joylashtiriladi. Ikonkalar ham milliy ruhda yaratilgan.

Vazir bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda yoshlar o‘z takliflarini bildirishdi. O‘z navbatida, Shuhrat Sodiqov ularning ish faoliyati, rejalari bilan qiziqdi, qanday muammolari borligini so‘radi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring