Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda «Big Data»: Kelajak natijalaridan xabardor bo‘lamiz

O‘zbekistonda «Big Data»: Kelajak natijalaridan xabardor bo‘lamiz

Foto: «Inspira Enterprise»

Hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lib ulgurmagan salmoqli ma’lumot tushunchasi haqida mavzu ochgan edik. «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi «Elektron hukumat» tizimining axborot-resurslarini rivojlantirish departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Po‘latjon Qurbonov mamlakatimizda «Big Data» istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Po‘latjon Qurbonov. Foto: «Xabar.uz»

Salmoqli ma’lumotlar aslida ilmiy-tadqiqotga aloqador sohalarda avvaldan ham mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin so‘nggi yillardagina ushbu fenomen ko‘proq tilga olinadigan bo‘ldi. Bunga sabab bugungi kunda yangi texnologiyalar, qurilmalar va aloqa vositalarining tezkor rivojlanishi, ijtimoiy tarmoqlarning keng miqyosda yoyilishi ta’sirida insoniyat tomonidan ishlab chiqilayotgan ma’lumotlar miqdori keskin tarzda ortib borishidir.

Hozirgi kunda insoniyat tomonidan ma’lumot har 10 daqiqada yaratilmoqda. Bu turdagi katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlashda yangidan-yangi algoritm va texnologiyalar ishlab chiqilmoqda va amaliyotda keng qo‘llanilyapti. Atrofimizdagi milliardlab to‘planib qolgan ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va ulardan samarali foydalanish orqali ma’lum holat yoki ob’yekt to‘g‘risida tarixiy, joriy va kelajak vaqt uchun muhim bo‘lgan bilimlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Buning uchun dastlab ushbu ma’lumotlar manbaini aniqlash muhim amallardan biri hisoblanadi.

Salmoqli ma’lumot tushunchasi katta o‘lchamdagi ishlarni bajara oladigan operatorlarga nisbatan ishlatiladi. Misol uchun, «Facebook» kompaniyasi soatiga 10 milliondan ortiq yangi rasmlar joylashi bilan faxrlanishi mumkin. «Google» kompaniyasining 800 million nafar «Youtube» xizmati foydalanuvchilari oyiga har soniyada bir soatdan ko‘p videolar joylashtiradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hozirgi davrda salmoqli ma’lumot vazifasi o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Katta miqdordagi ma’lumotlarni tahlil qilish inson his etish imkoniyatidan tashqarida bo‘lgan qonuniyatlarni aniqlashda yordam beradi. Bu esa kundalik hayotimizdagi barcha sohalar – hukumatni boshqarish, tibbiyot, telekommunikatsiya, moliya, transport, ishlab chiqarish va boshqa sohalarni yanada yaxshilash, ularning imkoniyatlarini oshirish, muammolarga muqobil yechimlar izlab topish imkonini yaratadi. Bugungi kunda salmoqli ma’lumotlarni moliyaviy tashkilotlar ham keng qo‘llay boshlashi natijasida ma’lumotlar tahlilining raqobatbardoshligini oshirish va samaradorlikni kuchaytirish kabi muhim masalalar o‘z yechimini topmoqda.

Salmoqli ma’lumotlardan foydalanish axborot mutaxasissi uchun qo‘shimcha vazifalar va talablar yaratishdan tashqari, yangi ma’lumotlarni topish (Data mining) va ma’lumot bo‘yicha mutaxassis (Data scientist) kabi kasblarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

«Data mining» – biron qonuniyatni topish maqsadida ma’lumotlarni tahlil qilishga aytiladi.

«Data science» tushunchasiga ma’lumotlar omborini loyihalash va raqamlangan ma’lumotlarni qayta ishlashning barcha metodlari kiradi. «Data science» salmoqli ma’lumotning biznes nuqtai nazaridan hozirgi zamonaviy o‘rindoshi hisoblanadi.

Bugungi kunda elektron hukumat tizimi butun dunyoda, shu jumladan,O‘zbekistonda keng rivojlanayotgan tizim hisoblanadi. Bu tizim fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari va davlat hokimiyati organlariga avvaldan shakllangan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni ko‘zda tutadi.

Mamlakatimizda interaktiv davlat xizmatlarini jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlarining veb-saytlari va Hukumat portali orqali taqdim etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish keng yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunga qadar elektron hukumat tizimining bir qancha loyihalari samarali amalga oshirildi.

Yuqorida ta’kidlaganidek, hukumatni boshqarishda salmoqli ma’lumotlar keng imkoniyatlar ochib beradi. Elektron hukumatda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan «Big Data», «Data mining» va «Artificial intelligence» kabi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan sifatni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimini yaratish sifat darajasi o‘sishini amalga oshirib, bir qancha muammolarni yechishga imkon beradi.

Ayni damda markazimiz «Elektron hukumat» tizimining axborot-resurslarini rivojlantirish departamentida aynan salmoqli ma’lumotlar bilan ishlash, unga butun tashkilotlarni jalb qilish rejalari ishlab chiqilmoqda. Salmoqli ma’lumotlarni qayta ishlash natijasida muqobil yechim izlash, ya’ni «Business intelligence» (biznes-intellekt) orqali kelajakda kelib chiqadigan natijalardan ham xabardor bo‘lishimiz mumkin.

Ma’lumot o‘rnida:

  • IBS ma’lumotiga ko‘ra, 2003-yili dunyoda 5 eksabayt (1 EB = 1 mlrd. gigabayt) ma’lumot to‘plangan. 2008-yilga kelib bu hajm 0,18 zettabayt (1 ZB = 1024 eksabayt)ga, 2011-yili – 1,76 zettabaytgacha, 2013-yili esa 4,4 zettabaytgacha o‘sgan. 2015-yilning mayida ma’lumotlarning global miqdori 6,5 zettabaytga ko‘tarilgan. Taxminlarga ko‘ra, 2020-yilga borib, insoniyat 40-44 zettabayt axborot ishlab chiqadi. «The Data Age»ning IDC kompaniyasi tahlilchilari tomonidan tayyorlangan hisobotida aytilishicha esa 2025-yilgacha bu miqdor 10 baravar o‘sadi.
  • Salmoqli ma’lumot uchun Meta Group kompaniyasi 2001-yildayoq ishlab chiqqan “Uch V” an’anaviy xususiyatlar ahamiyatlidir:
  1. Volume – ma’lumotlar hajmining kattaligi.
  2. Velocity – ma’lumotlar o‘sish tezligi va natijaga erishish uchun ularni tez qayta ishlash.
  3. Variety – turli ma’lumotlarni bir vaqtning o‘zida qayta ishlash imkoniyati.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring