Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda internet tarmog‘i «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha kengaytiriladi

O‘zbekistonda internet tarmog‘i «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha kengaytiriladi

Foto: «24Post.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Farmonning to‘liq matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq  quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va qo‘llash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda munosabatlarni tartibga solish, elektron hukumatni joriy etish, axborot jamiyati va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • «oxirgi milya» tamoyili bo‘yicha internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni kengaytirish, multiservisli aloqa tarmoqlari texnologiyalari, mobil aloqa bozori, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari, shuningdek, logistika va pochta aloqasi xizmatlari orqali telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;
  • davlat organlarining axborot tizimlari va resurslarini ishlab chiqish hamda joriy etish, idoralararo o‘zaro elektron hamkorlikni tashkil qilish, yagona elektron reyestrlar va ma’lumotlar bazalarini, «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimlarini shakllantirishga yagona texnologik yondashuv amalga oshirilishini ta’minlash;
  • davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorida innovatsiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish, raqamli iqtisodiyot o‘sishini rag‘batlantirish, shu jumladan ishlab chiqarishda kompleks avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish, elektron tijoratning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
  • shahar va hududiy infratuzilmani, shu jumladan kelgusida integratsiyalashgan, «aqlli» va «xavfsiz» shahar yagona kompleksiga birlashtirgan holda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, transport logistikasini, shoshilinch xizmatlarni boshqarishning zamonaviy intellektual tizimlarini joriy etish va rivojlantirish;
  • texnoparklar va kovorking-markazlar faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy raqobatbardosh va eksport uchun mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlar hamda xizmatlarning mahalliy ishlab chiqarilishini rivojlantirishni rag‘batlantirish, shart-sharoitlar yaratish va investitsiyalarni jalb qilish;
  • yetakchi xorijiy kompaniyalar va ta’lim muassasalarining eng yaxshi amaliyoti asosida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida strategik va loyiha boshqaruvi, menejment, marketing bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni tashkil qilish;
  • kiberxavfsizlikni ta’minlash va tarmoqlar, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishni ta’minlash bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish, shaxsiy va biometrik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha texnologiyalarning qo‘llanishini tartibga solishda ishtirok etish;
  • taqdim etilayotgan telekommunikatsiya va pochta aloqasi xizmatlarining yuqori sifatini ta’minlash maqsadida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishining davlat nazoratini amalga oshirish;
  • axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini qo‘llash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha, shu jumladan, texnik standartlar, reglamentlar joriy etilishini tashkil qilish, shuningdek, Vazirlikning faoliyat sohasiga kiradigan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring