Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbektelekom» AK tijorat direktori: «Internet tezligi 10 barobarga oshirilgani rost, endi kabellarni yangilash kerak»

«O‘zbektelekom» AK tijorat direktori: «Internet tezligi 10 barobarga oshirilgani rost, endi kabellarni yangilash kerak»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «Telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining tijorat masalalari bo‘yicha direktori Alisher Zufarov va boshqa mutasaddi xodimlar OAV vakillari murojaat qilgan savollarga javob berishdi.

▪️Jumladan, «O‘zbekistonda internet tezligi qachon haqiqatan ham 10 barobarga oshiriladi?» degan savolga Zufarov quyidagicha javob qaytardi:

«O‘zbektelekom» AK tomonidan Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shu tariqa XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 barobar: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi.

Bu — O‘zbekistonda internet tezligi 10 marta yaxshilandi, degani. Endi esa kabellar va boshqa internet qurilmalarini yangilash, ana shu tezlikka moslash kerak. Hozirgi vaqtga qadar 4 ming km.dan ortiq mis kabellar yangilandi, XDSL texnologiyasi yordamida xizmatlar sifati yaxshilandi. Joriy yilning birinchi choragida 2 ming 408 ta ko‘p qavatli uy, 1108 ta maktab zamonaviy aloqa xizmatlari bilan ta’minlandi.

«O‘zbektelekom» AK va boshqa ijtimoiy ob’yektlar uchun GPON texnologiyasidan foydalangan holda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish uchun 5000 km.dan ortiq optik-tolali aloqa liniyalari yo‘lga qo‘yilmoqda».

▪️O‘zbekiston internet reytingida qachon ko‘tariladi?

«O‘zbektelekom» matbuot kotibi Aleksandr Suchkovning aytishicha, O‘zbekiston aslida reytingda ancha yuqori o‘rinda bo‘lishi kerak. Chunki qo‘shni mamlakatlarda 4G internetning o‘zi yo‘q.

«Ayrim reytinglarni ko‘rib, nega bu qadar past pog‘onada ekanimizga o‘zimiz ham hayron qolamiz», – dedi Aleksandr Suchkov.

▪️Internet tezlashganini aholi nima uchun sezmayapti?

«Chunki ularning uylariga, ofislariga o‘rnatilgan qurilma bu tezlikka javob bermaydi. Tasavvur qiling: sizga trassada soatiga 200 km tezlik bilan harakatlanish ruxsat etilgan bo‘lsayu, sizning transportingiz bu tezlikka moslashmagan bo‘lsa, bari yaratilgan imkoniyat befoyda. Avval qurilmani almashtirish kerak», – dedi Suchkov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring