Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli transformatsiya — O‘zbekiston va Rossiya uchun yangi voqelik

Raqamli transformatsiya — O‘zbekiston va Rossiya uchun yangi voqelik

Foto: «Xabar.uz»

Avval xabar berganimizdek, Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz»  ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik bo‘yicha I forum bo‘lib o‘tmoqda. Forumda «Xabar.uz» muxbiri ham ishtirok etmoqda.

Bugun, 18 oktyabr kuni mazkur forumning birinchi ish kunida turli sho‘balarda dolzarb mavzularda yig‘ilishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, «Raqamli transformatsiya — O‘zbekiston va Rossiya uchun yangi voqelik» deb nomlangan sessiya raqamli boshqaruv, iqtisodiyotning turli jabhalarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash, axborot xavfsizligi singari mavzularni qamrab oldi.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirishda raqamli texnologiyalarning afzalliklari keng muhokama qilindi. Xususan, ushbu mavzularda rossiyalik mutaxassislar — Musa Chiliyev, Anatoliy Krasnikov, Andrey Pomeshkin, o‘zbekistonlik mutaxassislar — Olim Umarov, Azamat Karomatov, Doniyor Otajonov va boshqalarning chiqishlari ishtirokchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: «Xabar.uz»

Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Azamat Karamatov yil oxirigacha internet tarmog‘iga ulanish tezligini 10 barobarga oshirish bo‘yicha keng qamrovli loyiha yakunlanish arafasida ekanini ma’lum qildi. Loyiha amalga oshirilgach, yil oxirigacha xalqaro internet-kanalning o‘tkazuvchanlik imkoniyati o‘n barobarga oshishi ta’minlanadi.

Foto: «Xabar.uz»

Hozirda Rossiya Federatsiyasi bilan axborot-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikning  asosiy yo‘nalishlaridan biri telekommunikatsiya, pochta aloqasi, shuningdek, AKT sohasidagi kadrlarni tayyorlash yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda. Xususan, telekommunikatsiya sohasida «O‘zbektelekom» AK uzoq muddat davomida Rossiyaning «Rostelekom», «VimpelKom», «MMT», «Megafon», «Kompaniya TTK» va «Miatel» kabi yirik kompaniyalari bilan hamkorlik qilib keladi.

Pochta aloqasi sohasida «O‘zbekiston pochtasi» AJ «Pochta Rossii» federal davlat unitar tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.

Aloqa va axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlashda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti va Moskva aloqa va informatika texnika universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Raqamli texnologiyalar ta’siri natijasida dunyo jadal o‘zgarib bormoqda. Raqamli texnologiyalar davlat faoliyatining barcha tarmoqlariga kirib keldi va istalgan davlatning jahon hamjamiyatidagi rivoji va raqobatbardoshligi axborot texnologiyalarining samarali rivojlanishiga bog‘liq. Aynan zamonaviy raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va buning uchun barcha zarur sharoitlarning yaratilishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

2017 yil yakunlariga ko‘ra, respublikada axborot texnologiyalari sohasidagi xizmat ko‘rsatish hajmi 7,9 trln. so‘mni tashkil etdi, eksport hajmi esa 135,6 mln. dollardan oshdi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar soni 1473tani tashkil etdi (yangi tashkil etilgan kompaniyalar soni 80ta, yaratilgan yangi ish o‘rinlari 617ta), kompyuterni dasturlash xizmati hajmi esa 436,6 mlrd. so‘mni (o‘sish 114,3 foiz) tashkil etdi. Xizmat eksporti — 6,7 mln. dollar (148,9  foiz).

Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha 72 ta loyiha amalga oshirildi. Bu esa boshqaruv samarasi ortishiga, ishlab chiqarishdagi kechikishlarning kamayishiga, ichki va tashqi bozorda mahsulotlar raqobatbardoshligining oshishiga xizmat qildi.

Sessiya doirasida quyidagi masalalar ham keng muhokama qilindi:

  • raqamli iqtisodiyotning imkoniyatlari va istiqboldagi rivojlanish potensiali;
  • iqtisodiyotning turli tarmoqlarida zamonaviy kosmik texnologiyalarni qo‘llash;
  • davlat boshqaruvi tizimini raqamlashtirish;
  • milliy internet axborot manbalarini rivojlantirish;
  • raqamli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar tayyorlashning xalqaro tizimi.

Anjuman ishtirokchilari raqamli iqtisodiyot, AKT-mutaxassislarni tayyorlash, texnoparklarni rivojlantirish, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish, pochta aloqasini rivojlantirish va teleuzatish sohalarida o‘zaro aloqalarni davom ettirish borasida yakdil fikrga kelishdi.

Qatnashchilar O‘zbekiston tomoniga konferensiyaning yuqori darajada tashkil etilgani va uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring