Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov: «Biz doim izlanishda bo‘lishimiz kerak» (video)

Sherzod Shermatov: «Biz doim izlanishda bo‘lishimiz kerak» (video)

Foto: «Xabar.uz»

31 may kuni Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbariyati respublikamizdagi 70 dan ortiq davlat va xo‘jalik tashkilotlarining AKT bo‘linmalari rahbarlarini «M-Faktor» binosiga yig‘ishdi.

AKT vazirligi, «Elektron hukumat» markazi, «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi, «Kiberxavfsizlik» markazi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda «M-Faktor» jamoasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat tashkilotlarida elektron hukumat va raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi hamda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar, taklif va mulohazalar asosida mavjud muammolarga birgalikda yechim izlash bo‘ldi.

Tadbirni ochish uchun so‘zga chiqqan AKT vaziri Sherzod Shermatov barchani «Inson qadri uchun» tamoyili asosida aholimiz va tadbirkorlarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratish yo‘lida o‘zaro hamkorlikda ishlashga chaqirdi:

«Barchamizning oldimizda turgan masalalardan, eng muhimi, ustuvor yo‘nalishni to‘g‘ri aniqlab olishdir.  Bizning soha shundayki, bir yangilikni qildim, shuning o‘zi yetadi deb, to‘xtab qololmaymiz. Raqamlashtirish jarayonlari shunchalar shiddat bilan rivojlanyaptiki, biror sohaga innovatsiya kiritsangiz, tadbirkor va aholimiz buni tabiiy narsadek, ya’ni majburiyatdek qabul qiladi. Chunki bu – zamon talabi. Jahondagi yetakchi davlatlar qatorida raqamlashtirishga erishish uchun doimiy izlanishda bo‘lishimiz va yangiliklarni joriy etishimiz lozim. Shu sababli bugungi uchrashuvimiz barchangiz uchun foydali bo‘ladi degan umiddaman...»

O‘zaro erkin muloqot davomida «Raqamli O‘zbekiston – 2030» doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat xizmatlarini raqamlashtirishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari xususida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muhitdinov zarur tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Hozirgi kunda elektron davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay ayrim hollarda muammolarga duch kelib turibmiz. Barchamizga ma’lumki, my.gov.uz – aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda front ofis vazifasini bajaradi. U orqali davlat idoralari tizimi va ma’lumotlar bazasi ishga tushirilib, xizmatlar yuzaga keladi. Biroq ayrim hollarda davlat tashkilotlari bazasida ma’lum o‘zgarishlar kuzatilsa yoki nosozliklar yuzaga kelsa, aholimiz buni my.gov.uz dagi xatolik deya qabul qiladi. Shu bois hozirda har bir davlat organlaridan oladigan servisning onlayn monitoring tizimini ishlab chiqdik. Bu muammoni tezda aniqlash va uning operativ yechimini taqdim etishga yordam beradi», – deydi Markaz direktori.

Tadbir davomida mas’ullar tomonidan davlat organlarida o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda uchrayotgan asosiy muammo va kamchiliklar hamda ularning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi. Shuningdek, davlat organlarida axborot xavfsizligini ta’minlashda asosiy yo‘l qo‘yiladigan kamchiliklar va kiberxavfsizlik masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Yig‘ilganlar qizg‘in savol-javoblarga boy va bahs-munozarali kechgan bugungi uchrashuvni sohadagi muammolarni o‘rganishda muhim deb topib, bu kabi tadbirlarni muntazam tashkillashtirib borish va o‘zaro fikr almashib turishga kelishib olishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring