Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sun’iy intellekt — to‘rtinchi sanoat inqilobining asosi

Sun’iy intellekt — to‘rtinchi sanoat inqilobining asosi

Foto: «Habr.com»

Ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan bugungi sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, bandlik, qishloq ho‘jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.

O‘zbekistonda ham axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali 2030-yilga qadar innovatsion taraqqiy etgan yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egallash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etish joizki, «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da axborot texnologiyalari va raqamlashtirish borasida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, bir qator muhim dasturlar qabul qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda raqamlashtirishni jadallashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan.

Qolaversa, 2020-yilda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida moddiy qo‘llab-quvvatlash va tizimga AKTni joriy qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» kabi yangi tizim joriy etildi. «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga 1 trln. so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, «Temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, nogiron va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan jami 845 ming nafardan ortiq bolalarining har biriga 500 ming so‘mdan, jami 422 mlrd. so‘m bir martalik yordam to‘lovlari to‘lab berildi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilarning soni esa 2 barobarga oshirilib, 1,2 mln. nafarga yetkazildi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda axborotlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni turli sohalarda tadbiq etish borasida chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistonda AKT va sun’iy intellekt sohasida o‘ziga xos salohiyat asoslari yaratildi. Bu borada Innovatsion rivojlanish vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlar, AKT bo‘yicha ilmiy tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va ularning iqtidorli bitiruvchilari hamda texnoparklar, xususiy sektordagi bir qator tashkilotlar faoliyatini alohida e’tirof etish mumkin. Shuningdek, sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalari yo‘nalishida Farg‘ona shahridagi maktablarda «Aqlli maktab» dasturi, Andijon viloyatida «Monterra» ekin maydonlarining holatini baholovchi onlayn platforma joriy etilgan bo‘lsa, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida «Aqlli shahar», Toshkent shahrida esa «Xavfsiz shahar» va «Raqamli Toshkent» loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, zamonaviy sun’iy intellekt turli amallarni bajarishga mo‘ljallangan algoritm va dasturiy tizimlardan iborat bo‘lib, inson ongi bajarishi mumkin bo‘lgan bir qancha vazifalarni axborot bazasiga kiritilgan ma’lumotlar asosida amalga oshiradi. Shuningdek, sun’iy intellekt murakkab tahlillar va katta ma’lumotlar bilan ishlovchi dasturlarni o‘z ichiga olib, mantiqli izchil mulohaza qilish hamda tavsiya berish qobiliyatiga ega «aqlli» texnologiya hisoblanadi. Mutaxassislar tomonidan sun’iy intellektga to‘rtinchi sanoat inqilobining asosi sifatida qaralmoqda.

Mutaxassislar fikricha, aholini ijtimoiy ximoya qilishning asosini ijtimoiy yordam, ijtimoiy sug‘urta va bandlik bilan bog‘lik dasturlar tashkil qiladi.

Rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy sohada, xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, ijtimoiy himoya va boshqa yo‘nalishlarda sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish keng tus olmoqda.

Aholini ijtimoiy himoya qilish sohalarida rivojlanayotgan davlatlarda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli xorijiy tajribalardan quyidagi loyihalarini ko‘rib chiqish mumkin. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasida amalga oshirilgan «Harambee» loyihasi ijtimoiy yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu dastur sun’iy intellekt yordamida kasbiy-malakaviy moslikni aniqlab, ish izlovchilar bazasini shakllantiradi va ularga turli me’yorlarga asosan tegishli mos bo‘sh ish o‘rnini taklif qiladi. «Harambee» qisqa davr ichida asosan xususiy va norasmiy sektorda yoshlarni ish bilan ta’minlagan.

Sun’iy intellekt asosida ishlovchi kasbiy-malakaviy moslik bo‘yicha dasturning O‘zbekiston sharoitida qo‘llanilishi norasmiy sektorda band bo‘lgan, ayniqsa, bir martalik ish bozorlaridagi ish qidiruvchilarning bandligini ta’minlashga va ularni ijtimoiy himoya bilan qamrab olishga imkon beradi. Dastlabki bosqichda sun’iy intellekt texnologiyalarini mobil qurilmalardan foydalanish mumkin bo‘lgan dasturlar orqali taklif qilib, norasmiy sektordagilarni kunlik va mavsumiy ishlarga jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash mumkin.

«GiveDirectly» dasturi esa bir qator Osiyo va Afrika davlatlarida chekka hududlarda yashovchi kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy-pul mablag‘larini berishni ko‘zda tutadi. Dastur orqali chekka hududlarda yashovchi ehtiyojmand kambag‘al oilalarni aniqlashda asosiy mezonlarga qo‘shimcha ravishda sun’iy yo‘ldosh orqali yig‘ilgan ma’lumotlardan foydalaniladi. Dasturlashtirilgan sun’iy intellekt kambag‘al oilalar xonadonlarining qanday ashyolardan qurilganini tahlil qiladi va moddiy sharoitlarini baholaydi. Sun’iy yo‘ldosh orqali yig‘ilgan tasvirlar va navigatsiya ma’lumotlari ijtimoiy himoya dasturining ma’lumotlar bazasiga kiritilib, ulardan birinchi navbatda sun’iy intellekt faoliyatini ta’minlashda, ikkinchidan esa ijtimoiy himoyaga muhtojlik mezonlarini belgilash va aniqlashda foydalaniladi.

Sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni O‘zbekiston sharoitida mavjud dasturlar va davlat idoralaridagi ma’lumotlar bazasini integratsiyalashtirish va kengaytirish orqali bir qator istiqbolli loyihalarni ko‘rib chiqish mumkin.

Masalan, mavjud ijtimoiy himoya dasturlarida («Ijtimoiy reyestr» – «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari») bir martalik yoki muddatli moddiy yordam olish bo‘yicha «onlayn ariza» berish tizimini yaratish. Bunda ariza beruvchi o‘ziga tegishli ma’lumotlarni tizimga kiritib, mezonlarga moslikni tezkorlik bilan aniqlashi mumkin. Birinchi bosqichda tegishli xodim-mutaxassis tomonidan mezonlar baholanishi yo‘lga qo‘yilsa, tizim rivojlanishi bilan bu jarayon keyingi bosqichda avtomatik tarzda amalga oshirilib, inson omiliga o‘rin qolmaydi. Shunga o‘xshash «onlayn ariza» berish tajribasi imtiyozli ipoteka kreditlari va to‘lovlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat subsidiyalarini ajratishda qo‘llanilmoqda.

Hoziri kunda «Temir daftar» ma’lumotlari elektron bazaga tegishli hokimliklar tomonidan kiritilmoqda. Bu jarayonga sun’iy intellekt texnologiyasining joriy qilinishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabgorlarni turli mezonlar va talablar kesimida baholab, inson omilini keskin kamaytiradi hamda davriy ravishda muhtoj oila yoki fuqaroning ijtimoiy holati haqidagi ma’lumotlar avtonom yangilanib boriladi. Ehtiyojmand oilalarning «Temir daftar»ga kiritilishi va chiqarilishini sun’iy intellekt nazoratga olishi bilan, dasturning samaradorligi va shaffofligi ta’minlanadi.

Ta’kidlash lozimki, sun’iy intellekt asosini ma’lumotlar bazasi tashkil etib, ularning manbasi turlicha bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlar bazasini esa muntazam to‘ldirish va kengaytirish sun’iy intellekt tahliliy imkoniyatlarini va samaradorligini oshiradi.

O‘zbekistonda hozirda mavjud ma’lumotlar manbalaridan sun’iy intellekt ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish mumkin. Jumladan:

  • Identifikatsiyalash yagona tizimi – (id.gov.uz);
  • O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali – (data.gov.uz);
  • Elektron hukumat tizimi ma’lumotlar bazasi – (my.gov.uz);
  • Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotlar bazasi – (davxizmat.uz);
  • turli vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasi.

Shuningdek, jahon tajribasida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan dasturlarda sun’iy intellekt ma’lumotlar bazasini shakllantirishda milliy ID tizimlari ma’lumotlari, aholini ro‘yxatga olish va soliq to‘lovchilar bazasi, tibbiyot, bank, sug‘urta kompaniyalari, do‘kon va bozorlar xaridorlari, mobil aloqa operatorlari ma’lumotlari hamda aholining kommunal to‘lovlar va qarzdorlik, kredit tarixi, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi kabi manbalardan qonun doirasida foydalaniladi.

Qayd etish joizki, sun’iy intellektni ijtimoiy va boshqa sohalarga joriy qilishda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligi, ularni saqlash va boshqarish muhim ahamiyatga ega. Chunki, sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy jihatlari, ayniqsa, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va yetakchi xalqaro tashkilotlar diqqat markazida bo‘lib, inson huquqlari va shaxsiy ma’lumotlar masalasi hamda sun’iy intellektdan siyosiy va buzg‘unchi maqsadlarda foydalanish xavfi dolzarb hisoblanadi. Ayrim davlatlar, xususan, Xitoy va Rossiyada sun’iy intellekt va AKTdan fuqarolar shaxsiy huquq va erkinliklarini cheklash va siyosiy maqsadlarida foydalanilmoqda, degan ayblovlar yangramoqda. Shuning uchun sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratishda bu masalalarga ham alohida e’tibo qaratilishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, sun’iy intellekt va AKTni joriy qilishda shaxsga doir ma’lumotlar va shaxsiy hayotga oid huquqlar hamda ulardan milliy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida foydalanishda muvozanatni saqlash muhim ahamiyatga ega.

Xulosa o‘rnida qayd etish mumkinki, mamlakatimizda sun’iy intellekt imkoniyatlari va texnologiyalarini ijtimoiy himoya dasturlarida qo‘llash imkoniyatlari va zarurati mavjud bo‘lib, tegishli dasturlash yo‘nalishlaridagi yetakchi mahalliy mutaxassislar va xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va qo‘llash maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash joizki, sun’iy intellekt yoki turli dasturiy ta’minotlar va AKTni tegishli sohalarga joriy qilishda yuzaki yondashuv, birinchidan, loyihalarning kutilgan natija bermasligiga, ikkinchidan, sarflangan budjet mablag‘larining samarasiz bo‘lishiga, uchinchidan, zamon talabiga mos bo‘lmagan dastur va tizimlar kiber jinoyatchilar nishoniga aylanib, milliy xavfsizlikka putur yetkazishi hamda yopiq va shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bunday davlat dasturlari sohaning yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislari hamda kompaniyalari tomonidan amalga oshirilishi talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ham zamonaviy texnologiyalar qatori sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozim. Ma’lumki, endilikda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari «yagona reyestr» vositasida amalga oshiriladi. «Elektron hukumat» tizimining tarkibiy qismi sifatida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» idoralararo integratsion platforma vazifasini bajarib, tegishli idoralar tomonidan ta’minlangan ma’lumotlar bazasini sun’iy intellekt texnologiyasi orqali yuritish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yildagi asosiy natijalar va joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021-yildan boshlab «Ijtimoiy reyestr» ishga tushirilishi, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlarni elektron ko‘rsatish imkoni yaratilishi va yangi tizim «Temir daftar»lar bilan o‘zaro integratsiya qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistonda yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektning ijtimoiy himoya dasturlari va boshqa sohalarga keng joriy qilinishi davlat va xususiy sektorda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishni rag‘batlantirib, mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda har bir sohaga innovatsiyalarni kiritish imkoniyatlarini oshiradi. Shu bilan birga, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanilishiga olib keladi.

Farrux Hakimov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring