Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tergov departamenti vakili shaxsga doir ma’lumotlarni o‘g‘irlaganlarga jazo muqarrarligini qayd etdi (video)

Tergov departamenti vakili shaxsga doir ma’lumotlarni o‘g‘irlaganlarga jazo muqarrarligini qayd etdi (video)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 24-sentyabr kuni AOKA majlislar zalida IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov fuqarolarning pasport ma’lumotlarini o‘g‘irlagan jinoiy guruh faoliyati haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, IIV huzuridagi Tergov departamenti tergovchisi Javohir Qodirov fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish oqibatlari haqida gapirdi.

Uning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda, xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning ma’lumotlari asosida «UZIMEI» tizimi orqali, kelib chiqishi ma’lum bo‘lmagan uyali aloqa vositalari ro‘yxatga qo‘yilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.

«Shu munosabat bilan, mazkur holatni muhokama etish maqsadida, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi (UZIMEI) mas’ul xodimlari ishtirokida jami 3 marotaba ishchi uchrashuv o‘tkazilib, unda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni bilan himoyalanib, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘sha harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Joriy yilning 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi, Andijon viloyati IIB xodimlari bilan hamkorlikda Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, yuqorida qayd etilgan noqonuniy harakatlarni sodir qilgan uch nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 030011/2020-38-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida, fuqaro bank filialidan o‘zining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablag‘laridan «UZPAYNET» MChJ orqali jami 2158 ta uyali aloqa vositalarini qonunga xilof ravishda «Mobil qurilmalarini ro‘yxatga olish tizimi»ga qayd etishganligi aniqlangan. Ushbu xolatda gumon qilinuvchilar juda ko‘p miqdorni tashkil etgan 3115 ta uyali aloqa vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar bilan olib kirganligi aniqlangan.

Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda», — dedi Javohir Qodirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring