Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uchinchi tashabbusning mohiyati nimada? (fotoreportaj)

Uchinchi tashabbusning mohiyati nimada? (fotoreportaj)

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyatida uchta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.

1-iyun kuni davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida Bo‘ka tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilgan edi. 2-iyun kuni ushbu tashabbus davom ettirilib, birdaniga Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq, Oqqo‘rg‘on va Piskent tumanlarida ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: «Xabar.uz»

Ushbu tadbirlarda jamoatchilik vakillari, tuman hokimliklari, xalq ta’limi boshqarmalari mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Dastlabki manzil O‘rtachirchiq tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxonalari tomonidan uchta sinfxona mukammal ta’mirlanib, eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar bilan ta’minlandi. Maktabga optik tolali kabel tortilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘igi ulandi. Tadbir ishtirokchilari informatika sinfi, kovorking xonasi va kutubxonada bo‘lib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Foto: «Xabar.uz»

AKT vaziri Shuhrat Sodiqov maktab kutubxonasida o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashdi. Vazir faqat puxta ilm bilan yuksak marralarga erishish mumkinligini, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishni ta’kidlab, Ucell kompaniyasi tomonidan mazkur maktabda axborot texnologiyalari vositasida elektron davomatni yuritish, o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, maktabga kelib-ketishi nazoratini ta’minlaydigan, bu haqida ota-onalarni xabardor qiladigan elektron tizimni yaratish bo‘yicha berilgan taklifini ma’lum qildi.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazini ochilishida yoshlar bilan bir qatorda mahalla faollari, tuman hokimligi mutasaddilari ishtirok etdilar. E’tiborlisi, tumandagi 50 ta maktabning barchasi telefon aloqasi va internet xizmatlari bilan ta’minlangan. Tuman hokimi Farhod Omonov shunday o‘quv markazini yangi bunyod etilayotgan Yoshlar bog‘ida ham tashkil etish taklifini berdi.

Foto: «Xabar.uz»

Piskent tumani aholisi 97 mingdan oshadi, ularning 50 mingdan ziyodini yoshlar tashkil qiladi. Tumandagi 38 ta umumta’lim maktablarning hozircha 22 tasi telefon aloqasi va internet bilan ta’minlangan, qisqa muddatda qolgan maktablar ham  global tarmoqqa ulanishi belgilangan. Tuman markazida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazining ochilishi piskentlik yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ular bu yerda eng talabgir bo‘lgan kasb-hunarlarni egallashlari mumkin. Markazning keng va shinam xonalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining so‘ngi qurilma va uskunalari o‘rnatilgan, kompyuterlar tezkor internet tarmog‘iga ulangan.

Foto: «Xabar.uz»

Markazlarning ochilishi o‘quvchi va yoshlar uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Ko‘zlari yonib turgan, dasturlashga qiziqayotgan, robototexnika, veb-dizayn sirlarini o‘zlashtirishga intilayotgan yoshlar uchun bu haqiqatda katta imkoniyat. Kamiga ushbu markazlarda o‘qib, olgan bilimlarini tuman va viloyat miqyosida o‘takaziladigan tanlovlarda sinab, g‘olib bo‘lgan yoshlarning ikki nafarini Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga test sinovlarisiz qabul qilinishi yanada katta imkoniyat. Albatta, buning uchun yoshlar qattiq bellashadilar, darslarni puxta o‘zlashtirishga intiladilar. Eng muhimi, axborot texnologiyalari olami sirlari bilan yaqindan tanishadilar, kelgusida ularning orasidan kuchli dasturchilar, veb-dizaynerlar, kibersport o‘yinchilari chiqishiga shubha yo‘q.

Foto: «Xabar.uz»

Oldin internet-kafelarga kompyuter o‘yinlari o‘ynaladigan oddiy markazlar sifatida qaralar edi, haqiqatda ham shunday qarash shakllangan edi. Prezident ilgari surgan 5 ta tashabbusning uchinchisi – aholi va yoshlarni kompyuter texnologiyalari hamda internetdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan. Bu yo‘nalishda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazining ochilishi ana shu – kompyuter o‘ynadigan joy, degan qarashni yo‘qqa chiqaradi. Sababi, bu zamonaviy Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida eng kuchli o‘qituvchilar bilim berishi, kelgusida ularga markaz hududida uylar qurilishi, o‘quv vositalari ham eng so‘ngilari ekanligi, eng kuchli bitiruvchining oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun imkoniyat yaratilgani, bularning barchasi eng talabgir kasb-hunarlarni egallash uchun haqiqiy ma’noda motivatsiya muhitini, raqobat maydonini yaratadi. Raqobatda, albatta, kuchlilar g‘olib bo‘ladi. Xullas, bu oddiy internet-kafelar emas, yoshlarni hayotda o‘z o‘rnilarini topishga yordam beradigan raqamli maskan bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring