AQSh Eronga zarbalarni qayta boshladi: o‘nlab harbiy obyekt nishonga olingan
AQSh harbiylari 30-iyul kuni Eron hududida «kuchli zarbalar seriyasi» o‘tkazilganini ma’lum qildi. Ikki soat davom etgan operatsiya Eron tomonidan Iordaniyadagi Amerika harbiy obyektlariga raketa uchirilishiga javob sifatida amalga oshirilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi – CENTCOM bergan ma’lumotga ko‘ra, zarbalar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador o‘nlab obyektlarga berilgan. Ular orasida harbiy qo‘mondonlik punktlari, raketa va uchuvchisiz apparatlarni joylashtirish hamda uchirish maydonlari, sohil mudofaasi va dengiz kuchlariga tegishli obyektlar bor.
Vashington operatsiyadan bir kun avval Eron kuchlari Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy obyektlari tomon bir nechta ballistik raketa uchirganini bildirdi. Asosiy nishonlardan biri Iordaniyadagi AQSh bazasi bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, raketalar havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan, Iordaniya esa o‘z hududi tomon uchirilgan beshta raketani yo‘q qilgan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari AQSh zarbalari Fors ko‘rfazidagi Keshm oroliga ham berilganini xabar qildi.
Eron tomoni ma’lumotiga ko‘ra, raketalardan biri aholi yashaydigan hududga kelib tushgan va kamida uch kishi halok bo‘lgan. AQSh harbiylari hozircha tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida alohida ma’lumot bermadi.
Keskinlikning qayta kuchayishi mojaroning Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar hududiga yoyilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali energiya resurslari tashilishiga xavf tug‘dirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni oshirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter