Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bryus Li bilan to‘qqiz yil

Bryus Li bilan to‘qqiz yil

Kung-fu va karatening mislsiz ustasi, dunyoga mashhur kinoyulduz Bryus Li­ning rafiqasi – amerikalik Linda Li  haqida nimalar ma’lum? Fred Vayn­traub xotiralarini o‘qisangiz, uning Bryus Li uchun qanchalik yaqin inson bo‘lganini anglab olasiz: «Bryus mening yaqin do‘stim edi. Uning qal­bi mehrga limmo-lim bo‘lsa-da, qalban ju­da yolg‘iz edi. Bryus hech kimga ishonmay bu dunyodan o‘t­di. Fa­qat... faqat Linda bun­dan mustasno».

− 1963 yilning 23 oktyabrigacha Bryus bilan tanho uchrash­maganman, − deydi Linda Li (qizlik familiyasi Emeri). − Men uni sevib qo­la­man, deb o‘ylamagandim. Chunki endigina 18 yoshga to‘l­gan, turmushga chiqishni xayoliga ham keltirmagan shad­dod­gina qiz edim. Qisqasi, men kung-funi o‘rganishga kelgan talabalardan bi­ri bo‘lganman. Bir kuni mashg‘ulotda kung-fu bilan shug‘ullanayotganimizda Bryus zarbamni qaytarib, yerga yiqitdi... va restoranga taklif etdi.

Ham­masi xuddi kinodagidek bo‘l­di. Bryus menga yoqar, shuning uchun unda yaxshi taa­ssurot qoldirishni istardim. Uchrashuvga eng so‘nggi urfdagi ko‘ylagimni kiyib bordim.

Yodimda, oqshom shukuhli, men uchun hammasi go‘zal edi. Bryus bilan uzoq suhbatlashdik. Men u haqida ko‘proq bilgim kelar, tur­li sa­vollarga ko‘mib tashlardim. Bryus falsafa va psi­xo­lo­giyani o‘qigani, o‘rganganini aytib, o‘z fal­safiy qa­rashlaridan meni ham ogoh etdi.

− Sevgi, bu − o‘tga tushgan do‘stlik. Alanganing boshla­ni­shi, serjilo, qaynoq va qudratli bo‘ladi. Lekin bu­larning ham­masi miltillayotgan chiroqdir. Ammo yosh o‘t­gan sayin yura­gimiz, o‘chirib bo‘lmas ikki taft bilan yona­yotgan laxcha sevgimiz ham ziyrak va sezgir bo‘ladi, − dedi Bryus.

Shu uchrashuvdan so‘ng uni sevmaslikning im­­ko­ni yo‘q edi men uchun. Universitetdagi o‘qishim, aniqrog‘i, ingliz tili kursi menga og‘irlik qila boshladi. Shunda Bryus menga yordamga keldi. Asli ona tili xitoy tili bo‘l­sa-da, u inglizchani shu qadar mukammal o‘rgan­gan e­diki, so‘z boyligi ko‘pgina amerika­­lik­larga nisbatan ham ancha boy edi.

1964 yilning iyulida hayotimdagi eng muhim masalani hal qilishimga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, Bryus kung-fu mashg‘ulotlari biz yashab turgan Sietlda yashash uchun yetarli mab­lag‘ keltirmasligini, Kaliforniya shtati esa bu borada juda qulay joy ekanligini aytib qoldi. Shundan so‘ng Kali­for­niyaning Oklend shahriga ketib, yaqin do‘sti, qator jangovar san’at­lar ustasi Jeyms Li bilan masla­hat­lashib, avgust oyida qay­tdi. Jeymsning xo­ti­nidan nikoh uzugini ham olib kelibdi.

Biz dastlab Jeyms Lining uyida yashadik, Keyin boshqa maskanga ko‘chib o‘tdik. Ko‘p o‘tmay Jeymsning xotini ikki go‘dagini tash­lab olamdan o‘tdi. Men uy yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lar, bolalarga qa­rar, Jeymsga yordamimiz tegayotganidan xursand edim.

Bryus bilan to‘qqiz yillik hayotimizda 11 maro­ta­ba uydan-uyga ko‘chdik. Ammo bundan kayfiyatimizni tushir­mas­lik­ka harakat qilardik. To‘g‘risini aytsam, Bryus bi­lan birga bo‘lishning o‘zi men uchun cheksiz baxt edi.

Bryusning filmlari ketma-ket namoyish qilina boshlandi. Kun­dan-kunga uning shuhrati oshib, kinoyulduzga aylanib bo­rdi. Afsuski, mashhurlar haqida faqat yaxshi gap­lar aytilaver­maydi. Meni turli mish-mish va g‘iybatlar sarosi­maga solardi. Har sa­far Bryus biror aktrisa bilan rol o‘ynasa, albatta, gap-so‘zlar­ tarqalardi. Uning o‘li­midan so‘ng ham fisqu fasod tinmadi. G‘alamislar turli vo­qealarni to‘qib chiqarishar, men ham nogahonda «Erim meni shuncha payt ahmoq qildimikan?» deb o‘ylab qo­lar­dim.

Bryus ko‘pincha, «Sen taqdirning menga ato qilgan be­qiyos xazinasi, bolalarim bilan yonimda bo‘lsang bas, bu hayotim uchun juda zarur», derdi. Uning gap­lari sa­mimiy va dildan aytilardi. Men buni qalbim bilan his qilar, shunda har xil gumonli xayollar miyam­ni tark etar edi.

Bryus Li mashina­lar­ni yaxshi ko‘rishini yashirmasdi. Am­mo eng sevimli mashg‘uloti kitob o‘qish edi. Hech qachon kitob­lar­ga e’tiborsiz bo‘lmas, ularga «g‘oyalarning sar­chashmasi» deb qarardi. Bryusning kutubxonasida falsafiy kitob­lar nihoyatda ko‘p edi. Men uning kitoblar, gazetalar yoki qadimgi Xi­toy Dao-monaxlarining kurashi aks ettirilgan suratlar dun­yosiga g‘arq bo‘lib o‘tirgani, chuqur o‘y­ga cho‘mib she’r yozayotgan yoki tarjima qilayotgan payt­larini eslashni yaxshi ko‘raman.

Kuz yomg‘iri,

Kezar qora bulutlar,

Gullarning boshi xam, oy yuzi rangpar

Qushlar shoshib uchib ketar qaygadir.

Mana kuz ham keldi,

Bizlarga

Yolg‘izlik, hijronni tuhfa etgali

Ayrilish fursati yetdi nihoyat.

Ko‘p so‘zlar aytildi orada, biroq

Dilni tark etmadi tuyg‘ular mutloq.

Zero, qolgusidir senga bu oyat.

Yolg‘izlik azobi etganda hamla

Kimsasiz go‘shada sen uni et yod

Va yana bilginki: barcha o‘ylarim

Sen haqingda edi, faqat sen haqda.

Men Bryus bilan yashagan yillarimda nima haqda orzu qilish mum­kin bo‘lsa, hammasini topdim. U kayfiyati tez o‘zgarib turuvchi qay­noq va ta’­sirchan inson edi. Tanishlarim meni vazmin va hissiyotli ayol deb hisoblashadi. Men Bryus bilan ham­fikr bo‘la olar, un­ga osoyishtalik, samimiy muhabbatimni be­ra olardim.

Bugun Bryus yonimda yo‘q. Usiz azob chekkan payt­larimda Xitoy shoiri Szu Yeyning quyidagi satr­larini yodga olaman. Dar­voqe, uni Bryus xitoy ti­lidan inglizchaga o‘girgan edi.

... Axir senu men

Bir ulkan daraxtning ikki butog‘i

Sen kulsang

Mening ham qalbimda kulgu

O‘ksiding −

Mening ham dilimda qayg‘u

Faqat ishq!

Bo‘lishi mumkinmi hayot o‘zgacha?

Va yo men?

Va yo sen.

Izzat Ahmedov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring