Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Butun jahon mehribonlik kuni: 43 ming dollarlik sinov

Butun jahon mehribonlik kuni: 43 ming dollarlik sinov

Foto: Sun’iy intellekt

2019-yilning oxirlari edi. Govard Kirbi Michigan shtatidagi xayriya do‘konlaridan biridan atigi 70 dollarga eski bir divan sotib oldi. Uyiga arzonroq mebel topganidan xursand edi. Ammo bu oddiy xarid uning hayotida unutilmas voqeaga aylanishini, eng muhimi, insoniylik va halollik sinovidan o‘tishini hali bilmasdi.

O‘sha paytda Kirbi oilasi bilan ancha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgandi. Uyi ta’mirtalab, tomidan esa shu qadar ko‘p chakka o‘tardiki, uni yangilash juda zarur edi, ammo bunga qurbi yetmasdi.

Oila bir necha hafta davomida sotib olingan eski divandan foydalanishdi. Ammo divan yostiqlaridan biri doimo g‘alati darajada qattiq va noqulay tuyulardi. Nihoyat, Kirbi bir kuni buning sababini aniqlashga qaror qildi: yostiqning yonini ochib, ichini ko‘zdan kechirdi. Qaradi-yu hayratdan bir lahza dovdirab qoldi. Yostiq ichida eski porolon yoki singan prujinalar o‘rniga 100 dollarlik kupyuralardan iborat, yaxshilab o‘rab qo‘yilgan bog‘lamlar bor edi.

Pul bog‘lamlarini birma-bir sanab chiqdi. Jami 43 170 dollar edi!

Tomini ta’mirlashga qurbi yetmayotgan inson uchun bu pullar bir kechada butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin edi.

Kirbi hatto nima qilish kerakligini bilish uchun yuristlar bilan ham maslahatlashdi. Ular divanni ikkinchi qo‘l buyumlari sotiladigan do‘kondan xarid qilgani sababli, qonunan bu pullarga egalik qilish huquqi borligini aytishdi. Hech kim undan pullarni qaytarishni talab qila olmasdi. Ammo Kirbi bu pullar o‘ziniki emasligini yaxshi bilardi.

U naqd pullarga qarab, o‘zining og‘ir ahvolini o‘yladi. So‘ng bir qarorga keldi: “Bu pullar meniki emas!”

Kirbi divanni sotib olgan “Insoniyat uchun makon” (Habitat for Humanity) tashkilotining qayta tiklash markaziga qaytib bordi. U yerdagi xodimlardan divanni dastlab xayriya qilgan oilani topishda yordam berishlarini so‘radi. Izlanishlar natijasida divanning avvalgi egalari topildi. Ma’lum bo‘lishicha, u Kim Faut Nyuberri ismli ayolning marhum bobosiga tegishli bo‘lgan ekan. Bobo yillar davomida jamg‘argan pullarini divan yostiqlari ostiga yashirib kelgan ekan. U vafot etgach, oila a’zolari uyni yig‘ishtirib, buyumlarni xayriyaga berishgan. Divan bag‘rida yillar davomida saqlanib kelgan katta jamg‘arma borligi hech kimning xayoliga ham kelmagan.

Kirbi oila bilan uchrashuv belgiladi va topilgan pullarning bir tiyinigacha egalariga qaytarib berdi.

U bu pullarni o‘zida olib qolishi ham mumkin edi. Axir uning ham o‘z tashvishlari, hal etilishi kerak bo‘lgan muammolari bor edi. Bu haqda hech kimga og‘iz ochmasa, ehtimol, hech kim hech qachon bilmasdi ham. Ammo Kirbi o‘z manfaatidan ko‘ra vijdoni ovozini ustun qo‘ydi.

Va mana shu ezgu qaror ortidan kutilmagan voqealar boshlandi.

Kirbining halolligi haqidagi xabar mahalliy aholi orasida tarqaldi. Odamlar uning qilgan ishidan ta’sirlanishdi. Keyin esa uning o‘zi ham og‘ir sharoitda yashayotgani, uyining tomini ta’mirlashga qurbi yetmayotganidan xabar topishdi.

Ko‘p o‘tmay, mahalliy tom yopish kompaniyasi yordamga keldi. Ular Kirbining shikastlangan tomini almashtirish uchun zarur qurilish materiallari va ishchi kuchini bepul taqdim etishdi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham chetda qarab turishmadi — uning boshqa uy-ro‘zg‘or xarajatlariga ko‘maklashish maqsadida xayriya yig‘imi tashkil qilishdi.

Shunday qilib, Kirbi o‘zganing haqiga qo‘l cho‘zmadi. Evaziga esa o‘zi kutmagan mehr-oqibat, saxovat va insonlar hamdardligiga sazovor bo‘ldi.

Aslida, bu hikoya eski divandan katta boylik topib olish haqida emas. Bu inson o‘ziniki bo‘lmagan narsani olib qolish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lganida qanday yo‘l tutishi haqidagi hikoyadir. Axir hech kim Govard Kirbini kuzatmayotgan, hech kim pullarni qaytarishga majburlamayotgandi. G‘oyibdan hayotini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan katta mablag‘ kelgandi. U shunchaki halollikni o‘z manfaatidan ustun qo‘yishga qaror qildi...

Zero, insonning haqiqiy qiyofasi ba’zan hamma uni kuzatib turganida emas, balki hech kim ko‘rmayotgan paytda namoyon bo‘ladi.

U.Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring