Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchi korxonalardan birida baxtsiz hodisa yuz berdi: qurbonlar bor

Dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchi korxonalardan birida baxtsiz hodisa yuz berdi: qurbonlar bor

Foto: facebook.com

Hindiston zardob institutida yuz bergan kuchli yong‘in oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi. Hodisa Puna shahrida sodir bo‘lgan. Korxona koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

«Binodan to‘rt kishi evakuatsiya qilindi, ammo vaziyat nazoratga olinganda qutqaruvchilar besh kishining murdasini topishdi», — dedi shahar hokimi Murlidxar Mohol.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, institutning yangi ob’yektini qurayotgan ishchilar halok bo‘lishgan. Yong‘inning kelib chiqishiga payvandlash ishlari sabab bo‘lganligi aytilmoqda.

Institut ijrochi direktori Adar Punavallaning so‘zlariga ko‘ra, baxtsiz hodisa ishlab chiqarish quvvatining kamayishiga ta’sir qilmaydi. Chunki institutda boshqa ishlab chiqarish liniyalari mavjud, deya xabar berdi «Hindustan Times».

Muassasa ijrochi direktori Suresh Yadavning aytishicha, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqarilishiga zarar yetmagan, u yong‘in sodir bo‘lgan joydan uzoqroqda joylashgan.

Yong‘in xavfsizligi xizmati vakili Prashant Ranpaysning ma’lum qilishicha, binolardan birining uchinchi qavatdan beshinchi qavatgacha qismi yonib ketgan. Yong‘inni o‘chirishda o‘nta yong‘in brigadasi jalb qilingan.

Zardob instituti dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. U bir milliard doza AstraZeneca vaksinasini ishlab chiqarish uchun shartnoma imzolagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring