Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erkin matbuotga hujumlarni aslo oqlab bo‘lmaydi – Annalena Berbok

Erkin matbuotga hujumlarni aslo oqlab bo‘lmaydi – Annalena Berbok

Foto: Reuters

Chinakam hur jamiyat uchun erkin ommaviy axborot vositalari suv bilan havodek zarur. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Bonn shahrida bo‘lib o‘tayotgan global mediaforum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ta’kidlagan.

Siyosatchi dunyo miqyosida so‘z va matbuot erkinligi yo‘lida to‘siqlar kuchayib, jurnalistlarga hujumlar ko‘payib borayotganini xavotirli holat deb atagan.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti xulosasiga ko‘ra, jahon mamlakatlarining 70 foizdan ko‘prog‘ida matbuot erkinligi muammoli yoki undan-da yomon vaziyatda. Hatto Germaniya ham bu boradagi reytingda besh o‘rin pastlagan.

«Afsuski, mamlakatimizda, ayniqsa, namoyishlarda jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonliklar kuzatilmoqda. Men aniq-tiniq ta’kidlamoqchiman: qayerda bo‘lmasin, erkin xabar berish faoliyatiga qarshi hujumlarga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Shu bois ham biz – hukumat sifatida hatto o‘zimizga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishlar vaqtida ham erkin ommaviy axborot vositalarini himoya qilishga majburmiz», – deydi Germaniya TIV.

Bonn shahrida DW tomonidan o‘tkazilayotgan mediamashvaratda bu yil ixtiloflarni yengib o‘tish mavzusi markaziy o‘rin egallagan.

«Biz dunyodagi ziddiyatlarni bartaraf etishni istasak, turli nuqtai nazarlarni tinglash va tushunishimiz kerak bo‘ladi. Xavotirlarga quloq tutishimiz, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganishimiz va ixtiloflarni yengish uchun nimalar qilish kerakligini ochiq muhokama etishimiz kerak», – deydi olmon bosh diplomati.

Ta’kidlanishicha, rang-barang qarashlar, turli nuqtai nazarlar muhokamasida OAV hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Annalena Berbok Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini davom etayotgan hozirgi pallada xolis va mustaqil matbuot o‘rni yanada oshganini urg‘ulagan.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya TIV o‘tgan yilgi global mediaforumda axboriy xurujlar hamda dezinformatsiya avj olgan paytda OAV mas’uliyati haqida gapirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring