Eron AQShni tang ahvolga solib qo‘ydi – OAV
AQSh Eronga qarshi urush mobaynida uzoq masofaga uchuvchi raketalarning salmoqli zaxirasini sarflab tugatdi. Reuters agentligi xabar berishicha, harbiy harakatlarda muhim sanalgan uzoq masofaga uchuvchi raketalar zaxirasining kamayishi Qo‘shma Shtatlarning ehtimoliy harbiy ziddiyatlarga shayligini savol ostida qoldiradi.
Agentlik manbalari sarflangan raketalar borasida aniq raqamlarni ochiqlamagan. Ammo ular ATACMS rusumidagi ballistik raketalar va PrSM tipidagi tezkor-taktik raketalarning katta qismi allaqachon ishlatilganini aytgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, har biri 1 million dollardan qimmatroq turadigan bunday raketalar AQShning Rossiya yoki Xitoy bilan ehtimoliy ziddiyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
AQSh Eron bilan harbiy ziddiyat mobaynida Tomahawk rusumidagi qanotli raketalar zaxirasining ham yarmini sarflab bo‘lgan. Shuningdek, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi va THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimida istifoda etiladigan raketalar miqdori ham keskin qisqargan.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) o‘rganishlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2026 yilning fevral – iyul oylarida Patriot tizimi raketalarining 65 foizi, THAAD raketalarining esa 38 foizini ishlatgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp raketa zaxirasi kamayib borayotgani haqida xabarlarni rad etib, mamlakat dunyodagi eng ko‘p qurol-aslahalarga ega ekanini aytib keladi.
AQSh va Isroil joriy yil 28-fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Vashington va Tel-Avivning havo orqali hujumlari javoban Eron AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga zarbalar yo‘lladi va strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi.
Eron urushi Qo‘shma Shtatlarga qimmatga tushayotgani aytilmoda.
Joriy yil iyul oyida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Senatdagi chiqishida Eronga qarshi harbiy harakatlar Vashingtonga hozirgacha 37,5 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi. Ma’muriyat qonun chiqaruvchi idoradan urush xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar so‘ragan.
Tramp ham Kongressni mudofaa uchun qo‘shimcha milliardlarni ajratishga undamoqda.
Avvalroq The New York Times AQSh qariyb trillion dollarlik harbiy budjetga qaramay, zamonaviy urushga tayyor emasligi haqida yozgandi. Nashrga ko‘ra, Eron raketalar va dronlar hisobiga bosimni saqlagan holda kuchli pozitsiyani egallab turibdi. AQSh uchun esa qimmat tizimlarga tayanish va qurol-yarog‘ni tez ishlab chiqarish qobiliyatining pastligi muammo bo‘lmoqda.
So‘nggi haftalarda qisqa tanaffusdan keyin tomonlar o‘zaro zarba almashuvini qayta boshladi. AQShning Eronga iyul oyi oxiridagi hujumlari natijasida kamida 55 kishi halok bo‘lgan va 645 kishi yaralangan.
Eronning Iordaniyadagi bazalarga hujumi sabab esa AQShning ikki askari halok bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter