Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Isroilga hujum uyushtirdi. Endi urush boshlanadimi?..

Eron Isroilga hujum uyushtirdi. Endi urush boshlanadimi?..

Eron Isroilga hujum uyushtirdi. Endi urush boshlanadimi?..

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroil hududiga dron va raketalar orqali hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edik.

“The New York Times” gazetasiga ko‘ra, Tehrondan yahudiy davlati tomon 185 ta dron, 36 ta qanotli raketa va 110 ta “yer-yer” tipidagi raketa uchirilgan. G‘azo sektorida olti oydan buyon davom etayotgan xunrezlik butun Yaqin Sharqda vaziyatni keskinlashtirgani ma’lum. Endilikda Eron hamda Isroil o‘rtasida bevosita qurolli ziddiyat yuzaga kelmoqda. Xo‘sh, Isroil hududiga raketalar orqali hujum qilingani ikki ashaddiy raqib mamlakat o‘rtasida urush boshlanganini anglatadimi?

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, joriy yil 1 aprel kuni Isroil Eronning Damashqdagi konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirib, xalqaro huquq me’yorlari hamda diplomatik vakolatxonalar daxlsizligi prinsini qo‘pol ravishda buzgan edi. Hujum oqibatida ikki nafar eronlik general, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Suriya va Livan kuchlari qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy hamda elchixonaning 5 nafar xodimi halok bo‘ldi.

Eronga urush kerakmi?

Garchi xalqaro hamjamiyat katta xavotir bilan kuzatgan bo‘lsa-da, Eronning Isroilga hujumi ramziy ma’no kasb etdi. Rasmiy Tehron katta ehtimol bilan atayin Isroilning hujumlarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun vaqt berdi. 1 apreldan keyin o‘tgan ikki haftaga yaqin vaqt davomida Isroil ehtimoliy hujum uchun puxta hozirlik ko‘rdi. Yahudiy davlatining yaqin ittifoqchilari AQSh, Buyuk Britaniya hamda Fransiya Yaqin Sharqdagi harbiy havo kuchlarini shay holatga keltirishga ulgurdi. AQSh “USS Dwight Eisenhower” atom avianosetsini ham Isroil uchun ko‘makka yo‘lladi. Ushbu avianosets yuzga yaqin samolyot va vertolyotlar hamda zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi bilan jihozlangan.

Arab tahlilchilari ham Eronning Isroilga hujumi AQSh bilan kelishilgan holda amalga oshirildi degan fikrda.

Kutilgandek Erondan Isroil tomon yo‘llangan va Iroq, Iordaniya kabi davlatlar osha bir necha soat davomida uchgan yuzlab dron hamda raketalar yahudiy davlatiga deyarli hech qanday talafot yetkazmadi. Isroil mudofaa vazirligi dron va raketalarning 99 foizi tutib qolinganini ma’lum qildi. Eron uchirgan dron va raketalarning deyarli hammasi Isroil havo hududiga kirmasdan, AQSh, Buyuk Britaniya hamda Iordaniya harbiy kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Katta shov-shuv uyg‘otgan havo hujumi yakunida Isroil harbiy bazasi biroz shikastlangan va 10 yoshli qiz jarohatlangan, xolos. Bularning bari Eron xalqaro huquq qoidalarini ochiq poymol etgan Isroilga nomiga javob berganini anglatadi. Buni qo‘rqoqlik deb baholash to‘g‘ri emas. Shunchaki hozirgi vaziyatda Eron Isroil bilan ochiq harbiy mojaroga borishni, obrazli qilib aytganda, ko‘ra-bila turib o‘zini jarga otishni istamaydi. Chunki yahudiy davlati ortida AQSh boshchiligidagi qudratli G‘arb davlatlari turgani kundek ravshan.

“Masala yopildi deyish mumkin”, deyiladi Eronning BMTdagi vakolatxonasi tomonidan berilgan so‘nggi bayonotda. Demak, Tehron Tel-Avivga “Bu yog‘iga o‘ylab qadam tashla, hozircha sen bilan urushish niyatim yo‘q”, deya mujda yo‘llamoqda.

Isroilning ittifoqchilari qanday pozitsiyada?

AQSh Isroil harbiylari o‘zboshimchalik bilan Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba berganidan buyon ikki o‘rtada urush chiqib ketmasligi uchun diplomatik choralar ko‘rib kelmoqda. Hozirgi vaziyatda Eron va Isroil o‘rtasida qurolli ixtilof ro‘y berishi prezident Jo Bayden ma’muriyati manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bayden ma’muriyati azbaroyi Eronga xayrixohlik vajidan emas, balki yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovini eson-omon o‘tkazib olish uchungina Yaqin Sharqdagi xos ittifoqchisi urushga kirishini istamaydi. Negaki, mintaqada otilgan to‘p ovozi AQShda ham kuchli aks sado berishi sir emas. Yaqin Sharqdagi urush sabab birgina neft va pirovardida benzin narxining oshib ketishi AQShlik saylovchilarga xush kelmasligi aniq.

Binobarin, AQSh ayni paytda Isroilga Eron hujumlariga javob qaytarmaslikni uqtirmoqda.

CNN va Axios nashrlari Oq uydagi manbalariga tayanib xabar berishicha, prezident Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga Eronning hujumi muvaffaqiyatsiz chiqqani, shunga ko‘ra buni g‘alaba deb hisoblash kerakligini aytgan. Bayden yahudiy davlati boshlig‘iga AQSh Eronga qarshi hujum amaliyotlarida ishtirok etmasligini ham ma’lum qilgan. “Ittifoqchisini himoya qilish ahdida sobit” Bayden, ayni choqda, u Eronga qarshi javob choralari ko‘rmasligi kerak deb hisoblaydi. Chunki Isroilning Eronga javob qaytarishi AQShning ham urushga tortilishini anglatadi.

Isroilning Yevropadagi ittifoqchilari (Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya) ham Eron kabi qudratli mintaqaviy davlat bilan ochiq qurolli ixtilofga borishni istamaydi. Ayni vaqtda yevropaliklar uchun Ukraina hududiga yovvoyilarcha bostirib kirgan Rossiyaning tanobini tortib qo‘yish muhimroq.

Urushdan manfaatdor yagona tomon

Eron bilan ochiq qurolli ziddiyatdan yagona manfaatdor siyosatchi bu – Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning urushqoq kayfiyatdagi ma’muriyatidir. Tahlilchilarga ko‘ra, Damashqdagi konsullikka hujum qilish orqali Tel-Aviv ma’muriyati Tehronni ochiq harbiy harakatlarga majburladi.

G‘azo sektoridagi xunrezlik, 6 oydan buyon garovda qolayotgan isroilliklarni ozod qila olmaslik, mamlakatdagi iqtisodiy muammolar, qolaversa, korrupsiya, avtoritarizm bilan bog‘liq ayblovlar sabab yahudiy jamoatchiligining Netanyahuga qarshi kayfiyati kuchaymoqda. Tobora ko‘p sonli aholi Netanyahu iste’foga chiqishi kerakligini talab qilmoqda. Aksar tahlilchilar ta’kidlayotganidek, bunday vaziyatda Netanyahu uchun o‘z siyosiy umrini uzaytirishning maqbul yo‘li Eron kabi qudratli davlat, azaliy raqib bilan urushga kirishdir.

Raketa hujumlari boshlanishi bilan Netanyahu xalqqa murojaat bilan chiqib, Isroil Eron tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalarga ham mudofaa, ham hujum jabhalarida shayligi va unga javob qaytarishini ma’lum qildi. Garchi jiddiy talafot ko‘rmagan bo‘lsa-da, Isroil hukumati Eronga qarshi “aniq va qat’iy javob” bermoqchi. Bu esa Netanyahu ma’muriyatining asl maqsad Eronni urushga tortish ekani haqidagi taxminni tasdiqlayotgandek.

Vashington Tel-Avivni Tehron bilan ochiq urushga olib keladigan qadamlardan tiyilishga chaqirishi tabiiy. Ammo siyosatshunoslar Eron va Isroil o‘rtasidagi urush vaqt masalasi ekanini aytadi. Negaki, Isroil Eronga nisbatan provokatsion harakatlar bilan allaqachon “jinni ko‘zadan chiqarib” bo‘lgan.

2023 yil 29 yanvarga o‘tar kechasi Isroil Erondagi harbiy infratuzilma ob’yektlarini bombaladi.

2021 yil aprel oyida Eronning Natanz shahrida joylashgan yadro inshootida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda uranni boyitish dasturi jiddiy ziyon ko‘rdi. Natanz inshootini tiklash uchun kamida to‘qqiz oy vaqt kerak bo‘lishi aytilgan. “The New York Times” portlash Isroil tomonidan amalga oshirilgan degan xulosaga kelgan.

2020 yil 27 noyabr kuni Tehron yaqinida Eron yadro dasturining rahbari Muhsin Faxrizoda o‘ldirildi. “Eron yadro sohasining otasi” deya ta’riflangan olimning o‘z vatanida o‘ldirilishi rasmiy Tehronni darg‘azab qildi. Keyinroq ushbu qotillik ham Isroil maxsus xizmati tomonidan amalga oshirilgani yuzaga chiqdi.

Tel-Aviv rasmiylari Eronga qarshi uyushtirilgan operatsiyalarni ochiq tan olmaydi. Ammo Isroil razvedkasi – “Mossad”ning sobiq rahbari Yosi Koen 2021 yilda OAVga bergan intervyusida josuslik xizmati tomonidan so‘nggi yillarda Eronga qarshi amalga oshirilgan diversion operatsiyalar haqida ilk bor ochiq gapirgan edi. U Isroil maxsus xizmatining Muhsin Faxrizodaning o‘limiga aloqador ekanini na tan olgan, na rad etgan. Ammo eronlik olim ko‘p yillardan buyon “Mossad”ning nishonida bo‘lgani, chunki uning yadro fizikasi bo‘yicha bilimlari xavotir uyg‘otganini qayd etgan. Yosi Koen Natanz yadro ob’yektida ro‘y bergan avariyaga ham Isroilning aloqador ekaniga ishora qilgan.

Yashirin urush tobora oshkora tus olmoqda. Ikki davlat o‘rtasida rosmona muhoraba ro‘y bergudek bo‘lsa, nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo uchun jiddiy xatar yuzaga kelishi shubhasiz.

C.Calim

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring