Yevropaning ikki davlati Ukrainaga ko‘mak so‘rovini rad etdi
Slovakiya hamda Chexiya bosh vazirlari Robert Fitso hamda Andrey Babish Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning barchasi Ukrainaga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishi lozim degan talabni rad etdi. Avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers ana shunday talabni ilgari surgan edi.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Germaniya kanslerining Ukrainaga YeIning barcha davlatlari ko‘mak ko‘rsatishi kerak degan bayonotini “shantaj” deb atagan.
Unga ko‘ra, Slovakiya suveren davlat sifatida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga va xuddi Germaniya kabi YeIda veto huquqiga egadir.
Slovakiya poytaxti Bratislavaga tashrif buyurgan Chexiya hukumati boshlig‘i Andrey Babish ham rasmiy Berlinning talabiga qarshi chiqqan.
Gap shundaki, Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaga yo‘llagan maktubida YeIning 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan budjet loyihasida Kiyevga ko‘mak aks etishi va bu borada YeIning barcha a’zolari hissa qo‘shishi lozimligini ta’kidlagandi.
Slovakiya va Chexiya esa Ukrainaga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatishni xohlamayapti. Vengriya ham shunga yaqin pozitsiyada.
Yevropa komissiyasi hisob-kitobiga qaraganda, 2027-yilda Ukraina uchun qo‘shimcha 70 milliard yevro mablag‘ zarur. Bu summaning 45 milliardini YeI mamlakatlari qoplashi ko‘zda tutilgan.
Bryussel Kiyev so‘roviga ko‘ra doimiy ravishda moddiy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, Yevrokomissiya Ukrainaga 90 milliard yevrolik kredit doirasida dronlar va raketalar sotib olish uchun qo‘shimcha 3,3 milliard yevro ajratdi.
Ammo tahlilchilarga ko‘ra, Ukrainaga ko‘mak ko‘rsatish tobora qiyinlashmoqda. Xususan, Financial Times nashri yozishicha, 2027-yilda YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlarning Ukrainaga ko‘rsatadigan moliyaviy ko‘magi qariyb besh baravarga kamayishi kutilmoqda.
Bunday sharoitda Bryussel Ukrainani moliyalashtirish uchun qo‘shimcha choralarni izlamoqda. Xususan, qarz majburiyatlarini (qimmatli qog‘ozlar) chiqarish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Kanada va Yaponiyadan yordam hajmini oshirish talab qilinmoqda.
Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berish ham o‘lda-jo‘lda ahvolda.
Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kiyevni Rossiyaga taslim bo‘lishga undayotganini aytgan.


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter