Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransuzlar Olimpiada-2024 o‘yinlarida ehtimoliy teraktlardan xavfsirayapti

Fransuzlar Olimpiada-2024 o‘yinlarida ehtimoliy teraktlardan xavfsirayapti

Fransiya razvedka xizmatlari terrorchilik xavfi yuqoriligi sabab Parij Olimpiadasining ochilish marosimini bekor qilishni tavsiya qilmoqda.

Bu haqda razvedka manbasi Europe 1 nashriga ma’lum qilgan.

Ular Moskvadagi teraktdan so‘ng Fransiyaga «ommaviy terrorizmning qaytishi»dan xavfsiramoqda. Razvedka xizmati Sena daryosi bo‘yida 600 ming kishidan iborat tomoshabin ishtirokida sportchilar paradini o‘tkazish katta xavf tug‘dirishini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, maxsus xizmatlarda mamlakatda «afg‘on hududidan harakatga keltiriladigan» uch-to‘rt kishidan iborat terrorchi guruhlarning uxlab yotgan bo‘linmalari mavjudligi haqida ma’lumotlar bor.

Shuningdek, Germaniya rasmiylari ham Yevro-2024 sport o‘yinlarida terroristik hujumlardan xavfsirayotganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda ikki davlat mazkur sport tadbirlari davomida xavfsizlik kuchlarini birlashtirishga kelishib oldilar.

«Nemis politsiyasi Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida, Fransiya politsiyasi esa Germaniyadagi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida xavfsizlikni ta’minlashda ko‘maklashadi», – deya hamkorlikka izoh berdi Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi Olimpiya o‘yinlari Parijda 26-iyuldan 11-avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Ochilish marosimi tarixda birinchi marta stadionda emas, balki Fransiya poytaxtining diqqatga sazovor joylari, jumladan Notr-Dam sobori, Luvr va Eyfel minorasi fonida bo‘lib o‘tadi. Asosiy joy Sena daryosi bo‘lishi kerak. Paradda qatnashadigan sportchilar 160 ta qayiqda daryo bo‘ylab qariyb 6 km masofani suzib, so‘ngra Olimpiya olovini yoqish rejalashtirilgan Trokadero maydoniga yo‘l olishadi. Tashkilotchilar 600 ming tomoshabin ochilish marosimini jonli ravishda tomosha qilishini kutmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring