Germaniyada cho‘chqa go‘shti ovqatdan zaharlanishning asosiy manbaiga aylandi
Germaniyada «Mett» deb nomlanuvchi xom cho‘chqa go‘shtiga asoslangan taom ommaviy zaharlanishga olib keluvchi omillar orasida birinchi o‘ringa chiqdi. Bu haqda Bild nashri yozmoqda.
Mamlakatda shu paytgacha ommaviy zaharlanishlarning asosiy manbasi pasterizatsiya qilinmagan sut edi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha federal idora (BVL) 2015–2024-yillardagi statistikani o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldi. Germaniyada «Mett» taomini an’anaviy tarzda xomligicha, piyoz va ziravorlar qo‘shib, nonga surtgan holda iste’mol qilishadi.
2024-yilda Germaniyadagi eng yirik ovqatdan zaharlanish omili aynan ziravorlar qo‘shilgan cho‘chqa go‘shti qiymasini iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘shanda 191 kishi salmonellyozga chalingan, ulardan 64 nafari shifoxonaga yotqizilgan, uch kishi vafot etgan.
Umuman olganda, o‘n yil davomida mamlakat rasmiylari oziq-ovqat infeksiyalari bilan bog‘liq 3 021 ta holatni qayd etgan bo‘lib, ularda qariyb 19,8 ming kishi kasallangan va 59 ta o‘lim holati kuzatilgan. Shunga qaramay, faqatgina 297 ta holatda zaharlanishga aniq qaysi mahsulot sabab bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘lgan.
Kasalliklarga aksar hollarda Campylobacter va Salmonella bakteriyalari sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, sanitariya nazorati kuchaytirilgani tufayli pasterizatsiya qilinmagan sut bilan bog‘liq zaharlanishlar soni sezilarli darajada kamaygan.
BVL rahbari Gabi-Flyor Byolning ta’kidlashicha, infeksiya tarqalish joyini aniqlashning imkoni bo‘lgan holatlarning aksariyati uy sharoitida yuz bergan.


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter