Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ka’batullohning ichida nimalar bor?

Ka’batullohning ichida nimalar bor?

Foto: «www.islam.ru»

Joriy yilgi haj mavsumi tugagach, ommaga Ka’batullohning ichi namoyish etildi.

Ka’baning ichida nimalar borligi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bir necha yuz yil muqaddam bu savolga hojat bo‘lmagan. Chunki o‘sha paytda xohlagan kishi Ka’baning ichiga bemalol kirib chiqavergan.

Hozir zamon o‘zgardi, makonlar o‘zgarmoqda. Odamlarning Ka’ba ichiga kirishini-ku qo‘ya turaylik, izdihomda qora toshga qo‘l tekkizish, uni tavof qilish – hojilar uchun katta baxt.

Tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash, haj mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida hech kim Ka’baning ichiga kiritlmaydi.

Kâbe’nin içi görüntülendi
Foto: «Haber7.com»

Ka’ba ichini tozalash marosimi – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan sunnat bo‘lib qolgan amal. Shu bois ushbu tadbirda faqat davlat arboblari yoki yuqori martabali mehmonlargina qatnasha oladi.

Ka’batulloh eshigini bezashga ishlatilgan tillaning miqdori uning «oltin eshik» deb nomlanishiga hamda «Dunyodagi eng qimmatbaho eshik» nomini olishiga sabab bo‘lgan.

1979 yili Ka’baga yangi eshiklar o‘rnatilgan. Ushbu eshiklarni tayyorlash uchun 300 kilogramm sof oltin qo‘llanilgan. Eshikka ustaning imzosi qo‘yilgan va atrofiga Qur’oni karimning quyidagi oyati karimasi o‘yib yozilgan:«Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir». (Oli Imron surasi, 96-oyat).

Ka’ba ichi va devorlariga marmar plitalar yotqizilgan. Ushbu marmarlardan biri boshqalaridan rangi va tuzilishi bilan ajralib turadi. Makka shahri musulmonlar qo‘liga o‘tgach, Payg‘ambarimiz aynan ana shu yerda namoz o‘qiganlar. Shuning uchun shu joyda qilingan ibodat savobi ulug‘ hisoblanadi.

Foto: «Haber7.com»

Devorlarda bir xil oraliqda Alloh uyini saqlash uchun qayg‘urgan buyuk shaxslarning ismlari va Ka’batullohda qilingan ishlarni yorituvchi matn va bezaklar ilib qo‘yilgan.

Devoriy lavhlar o‘n dona bo‘lib, ularning so‘ngisi 1996 yilgi ta’mirlash ishlari va unda bosh-qosh bo‘lgan shaxs haqida.

Ka’ba tomi yumaloq ishlov berilgan yog‘ochli uchta ustunda turadi. Ularning har biri uch farishta ismi bilan nomlanadi. Aslida ustunlar faqat dekorativ shiftni ushlab turadi, haqiqiy tom undan 120 santimetr balandroqda. U «tik» yog‘ochdan puxta ishlangan va zamonaviy gidroizolyasiya bilan qoplangan.

Foto: «Haber7.com»

Ustunlar orasida yog‘ochli arqon tortilgan bo‘lib, unda qadimiy chiroqlar va duolar solingan turli idishlar bor.

Ka’ba shiftiga ipak mato qoplangan.

Ichkarida yana bir eshik bor. Uning ortidagi zina orqali tomga chiqiladi. Bu eshikka ham oltin ishlatilgan.

Foto: «Haber7.com»

Ka’baga kiraverishda ko‘zga tashlanadigan ikki ustun oralig‘ida o‘rtacha kattalikdagi stol bor. Uning nima uchun mo‘ljallangani noma’lum. Bundan tashqari, mazkur stolning tortmasi (quti) ham bor, unga duolar yozilgan yozuvlar qo‘yiladi. Oldin bu tortmada ka’bapo‘sh va chiroqlar saqlangan.

Foto: «Haber7.com»

Ka’baning ichida istalgan tomonga qarab ibodat qilish mumkin. Sababi bu yerda to‘rtala tomon ham qibla sanaladi. Xalq orasidagi «To‘rt tomoning qibla», deyiladigan joy mana shu yer. Ichkarida na xazina, na sirli bilimlar olami, na boshqa olamga yetaklovchi yo‘l yoki g‘ayritabiiy hech narsa yo‘q.

Tolibjon Nizomov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring