Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kartoshka kimniki? «PepsiCo» fermerlardan jarima undirmoqchi

Kartoshka kimniki? «PepsiCo» fermerlardan jarima undirmoqchi

Foto: «CNN»

AQShning «PepsiCo» kompaniyasi «Lay’s» chiplari uchun mo‘ljallangan kartoshka navini yetishtirgan hindistonlik to‘rt nafar fermerdan 10 million rupiydan jarima undirmoqchi. Bu haqda «CNN» xabar berdi.

Mashhur «Lay’s» chiplari brendi «PepsiCo» kompaniyasiga tegishli. E’tibor bergan bo‘lsangiz, futbol yulduzi Lionel Messi har ikki mahsulot reklamasida qatnashadi.

Korporatsiya bu fermerlarga shu kartoshka navini yetishtirishga rasman ruxsat bermagan ekan. Endi ularning har biri 10 million rupiy (143 ming dollar)dan jarima to‘lashi talab qilinyapti.

Foto: «Twitter»

«India Today» ma’lumotlariga qaraganda, bu yerda gap kartoshkaning «FC5» navi haqida boryapti. «Lay’s» chipslari uch xil kartoshkadan tayyorlanadi: «Atlantic», «FC3» hamda «FC5». Bular boshqa kartoshkalardan tarkibida suvi ozligi (oddiy kartoshkalarda — 85 foiz, «Lay’s» kartoshkalarida — 80 foiz) bilan farq qiladi, turgan gapki, chipsni tayyorlashga kamroq vaqt va xarj ketadi.

Yana bir farqi shuki, oddiy kartoshkalar tarkibida shakar ko‘pligi uchun yog‘da qovurilganida tez qorayib ketadi, «Atlantic», «FC3», «FC5» kartoshkalari qovurilganida esa uncha-munchaga och sariq rangini yo‘qotmaydi.

Jamoat faollari va kasaba uyushmalari fermerlarni «PepsiCo»dan himoya qilishni so‘rab Hindiston hukumatiga murojaat qilishdi. Murojaatda bitilishicha, kartoshka hatto mualliflik huquqi bilan mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa ham, mamlakat qonunlari fermerlarga ularni yetishtirish va sotish huquqini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring