Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kim Chen In Putinga «sovg‘a» yubormoqchi

Kim Chen In Putinga «sovg‘a» yubormoqchi

Foto: Getty Images

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiyaga yana 10 ming askar jo‘natmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy razvedka ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.  

Ukraina rahbariga ko‘ra, ayni paytda Shimoliy Koreyada Rossiyaga yuboriladigan harbiy xizmatchilarni saralash jarayoni ketmoqda.

Zelenskiy xalqaro hamjamiyatdan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush uchun xorijlik askarlarni yollash amaliyotiga chek qo‘yishda yordam so‘ragan.

Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbariyati Rossiyaga 15 mingga yaqin askar yo‘llagan.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte bu ma’lumotni tasdiqlagan va KXDR askarlarining Rossiya tomonida jang qilishi nafaqat Hind–Tinch okeani mintaqasi, Yevroatlantika makoni uchun ham tahdid ekanini aytgan.

Shimoliy Koreyaning BMTdagi vakili dastavval mamlakat o‘z harbiylarini Rossiyaga jo‘natayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yil 24-oktyabr kuni Qozonda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti yakuniy matbuot anjumanida Shimoliy Koreya harbiylari Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, bu masala Moskva va Pxenyanning ishi ekanini qayd etgan. Shuningdek, u ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning 4-moddasida «Agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatlarning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon unga o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatadi» degan talab borligini eslatgan.

Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda qurol-aslaha bilan ham ko‘mak berib kelmoqda. AQSh ham Shimoliy Koreya Rossiyaga oziq-ovqat mahsulotlari evaziga qurol-aslaha berayotganini tasdiqlagan.

Pxenyan, shuningdek, Koreya yarimorolida urush boshlangudek bo‘lsa, Rossiya madadga kelishiga umid qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring