Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim Chen In va Putin uchrashuvi qachon va qayerda o‘tishi ma’lum bo‘ldi

Kim Chen In va Putin uchrashuvi qachon va qayerda o‘tishi ma’lum bo‘ldi

Foto: «Reuters»

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun payshanba, 25 aprelda Vladivostokka tashrif buyurishi haqida Shimoliy Koreya OAVsi va Rossiya matbuoti xabar berdi.

Bu tashrif Kimning iqtisodiy rivojlanish rejalari uchun tashqi yordamni kuchaytirishga qaratgan harakatlarining bir qismidir. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, fevral oyida Vetnamda bo‘lib o‘tgan ikkinchi AQSh – Shimoliy Koreya sammitidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Shimoliy Koreya uchun sanksiyalardan keladigan zararni kamaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shimoliy Koreya Markaziy Axborot Agentligi (KKNA) seshanba kuni bu tashrif yaqin orada amalga oshishini aytgandi, biroq vaqt yoki joy haqida batafsil ma’lumot berilmadi.

Rossiyaning «Kommersant» gazetasining xabar berishicha, tashrif 25-aprel kuni Vladivostokda bo‘lib o‘tadi. Ma’lumot ikki ishonchli manbadan olingani ta’kidlab o‘tildi.

Kremldagi ma’ruzada bu haqida aniq ma’lumot keltirilmagandi, lekin matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni muxbirlarga Putin va Kim aprel oyi oxirida uchrashishi rejalashtirilganini aytdi.

Janubiy Koreyaning «Yonhap» axborot agentligi xabar berishicha, Kim Chen Inning bosh yordamchisi Kim Chang Son shu masala bo‘yicha Vladivostokda bo‘lgan.

Rossiya Shimoliy Koreya bilan yadroviy dasturni to‘xtatish haqida ko‘p yillardan buyon muzokaralar olib bormoqda. Bu bo‘yicha Rossiya 2009-yilda bo‘lib o‘tgan oxirgi muzokaralarda Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya, AQSh, Yaponiya hamda Xitoy bilan ish olib borgan.

Janubiy Koreya Tashqi Ishlar Vazirligi ushbu uchrashuv Rossiya va Shimoliy Koreya munosabatlari, yadrosizlashuv va mintaqaviy hamkorlik borasida kechishini ta’kidlab o‘tdi.

Seulda bo‘lib o‘tgan brifingda «Rossiya Koreya yarimorolini to‘liq yadrosizlantirish va doimiy tinchlik o‘rnatish kabi bizning nuqtai-nazarimizga qo‘shiladi», — dedi Tashqi Ishlar Vazirligi matbuot kotibi Kim In Chul.

«Umid qilamanki, sammit ijobiy taraqqiyotga hissa qo‘shishga imkoniyat yaratadi. Putin va Kim uchrashuvi bir narsani tasdiqlaydi — rasmiy Moskva Koreya yarimorolidagi asosiy o‘yinchilardan biridir. Ushbu uchrashuv Rossiya uchun muhimdir».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring