Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meni yig‘latgan Yaponiya…

Meni yig‘latgan Yaponiya…

Foto: «LiveJournal»

Bu safar deyarli tongacha uxlay olmadim, odatda judayam katta quvonch yoki qayg‘udan oldin shunaqa holat ro‘y beradi menda. Avvaliga bu holatimni tushunmadim. Lekin keyin angladim.

JICA tashkiloti dasturimiz doirasida bizga Yaponiyaning shimoliy nuqtasidagi Miyako shahriga safar uyushtirdi. Tinch okeani sohillarida joylashgan bu shahar 2011-yil 11-mart kuni soat 14.45 da kutilmaganda 16 metr balandlikda kelgan sunami ostida qoladi — soniyalar ichida uylar, odamlar... barchasi suvga g‘arq bo‘lgan.

Foto: «LiveJournal»
Foto: «bbc.com»

Xalq sunamining kelishidan bexabarmidi? Yo‘q, istalgan payt bunday voqea sodir bo‘lishi mumkinligini hamma bilardi. Ammo o‘z qo‘llari bilan yaratilgan to‘siqlarga, dambalarga, texnika, texnologiyalarga keragidan ortiq ishonishardi. Buni menga mehmonxonaning oltinchi qavatidan turib, sunamini uzoqdan bostirib, ko‘tarilib kelayotganini ko‘rib videoga olgan, suv ostida qolgan xalqini, shahrini kuzatib turib, lekin yordam bera olmagan bir inson aytib berdi.

Uch kungacha mehmonxonasidan okean suvi uning shahrini, odamlarini oqizib, o‘z domiga tortib ketayotganini jimgina kuzatib turishga mahkum bo‘lgan inson: «Buni yoz, hamma o‘qisin, toki butun dunyo bunday xavfdan, hatto eng ishongan texnologiya ham, qutqarib qololmasligini bilsin! Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi, bevafo, bir zumda yo‘q bo‘lib qolishi, molu davlat aslida bir chaqalik qiymatga ham ega emas. Inson o‘z qo‘li bilan yaratgan narsalarga sig‘inishi, madad kutishi, ortiqcha ruju qo‘yib ishonishi kerak emas»ligini qayta-qayta takrorladi.

Foto: «bbc.com»

Uning gaplaridan angladimki, g‘arq bo‘lgan insonlarning tirik qolish imkoniyati bor edi, ularning xatosi keragidan ortiq texnikalarning imkoniyatiga ortiqcha ishonib yuborganidadir. Shu yerda ham Yaponiya mo‘’jizasining sirini o‘zim uchun kashf qildim. Tirik qolgan aholining birontasi bu joylarni tark etmagan, aksincha boshqa joyda yashayotganlar ham og‘ir kunda qaytib, birdamlikda sabr bilan shaharni qayta qurishga bel bog‘labdi. Oradan 8 yil o‘tib, o‘z ko‘zlarim bilan shahar boshqatdan barpo bo‘lganini ko‘rib hayratlandim. Boshqa joyga imtiyozli ravishda ko‘chib ketish imkoniyati bo‘lgan paytda, bir kunda 20 soat ishlash rejimini tanlash uchun inson qanchalik o‘z yurtini sevishi kerak?!

Foto: «Agoda»

Suv ostida qolgan mehmonxona o‘rnida bugun okeanga qarab turgan zamonaviy mehmonxona qad ko‘targan, sunamiga dosh bera olmagan dambalar o‘rniga oldingilaridan to‘rt karra balandlari qurilgan, shahar hayoti to‘liq izga tushgan, bironta inson bu joyni tark etmagan. Hatto nega tark etamagan degan savolim ularni hayratlantirdi. Chunki yapon xalqida vataniga xoinlik yo‘q ekan! Dovyurak samuraylar yurti Yaponiyani sevib qoldim. Insonlarning yuzidan yog‘ilayotgan nur, ko‘zlarida jilovlangan mehr, tushunmasam-da, tillaridagi bol, jilmayishlarida yashiringan sehr meni o‘ziga rom etdi!

Barnogul Sanaqulova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring