Mintaqadagi birgina davlat AQShning Eronga hujumini ochiq qoraladi
Tehronda navbatdagi portlash. 2026 yil 28 fevral.
28 fevral tongida AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagan edi. Tobora butun mintaqaga yoyilayotgan hujumni Yaqin Sharqdagi aksar davlatlar qo‘llab-quvvatladi. Mintaqada birgina Turkiya AQSh va Isroilning harakatlarini ochiq tanqid qildi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hujum yuzasidan chuqur qayg‘u va tashvish izhor qilar ekan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning provokatsiyalari ortidan boshlangan harbiy harakatlar Eronning suverenitetini qo‘pol ravishda buzishi va qardosh, do‘st eronliklar tinchligiga rahna solishini ta’kidlagan.
“Xunrezlik davom etishi va mintaqamiz yanada ko‘p g‘am-qayg‘uga botishining oldini olish uchun barcha tomonlar, xususan, islom dunyosi zudlik bilan chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak”, – degan Erdo‘g‘on.
Rasmiy Anqaraga ko‘ra, sog‘lom aql va diplomatiya ishga solinmas ekan, butun mintaqa olov domida qoladi.
AQSh va Isroilning qo‘shma hujumi oqibatida Eronni 1989 yildan beri idora etib kelayotgan 86 yoshli oliy rahnamo Ali Xomanaiy halok bo‘lgan edi. Erdo‘g‘on oliy rahnamoning o‘limi munosabati bilan Eron xalqi va rahbariyatiga ta’ziya ham yo‘llagan.
Tehron Vashington va Tel-Aviv hujumiga javoban Qo‘shma Shtatlarning Ko‘rfaz davlatlaridagi harbiy bazalariga raketa va dronlar orqali zarba bermoqda. Erdo‘g‘on Eronni qo‘llab-quvvatlagani holda, Ko‘rfaz davlatlariga hujumni nomaqbul deb atagan.
Turkiya rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Erondagi vaziyat yuzasidan telefon orqali muloqot ham qilgan.
AQSh va Isroilning Eronga hamlasini dunyodagi yirik davlatlardan Xitoy va Rossiya ham qoralagan.
Xitoy tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu hujumlar Eronning suverenitet va xavfsizligini poymol etish, BMT Nizomi va xalqaro me’yorlarning buzilishi hisoblanadi. Rasmiy Pekin harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan.
Moskva ham Eronga hujumni BMTga a’zo mustaqil va suveren davlatga qarshi qurolli agressiya sifatida keskin qoralagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning o‘ldirilishini insoniy axloq va xalqaro huquq me’yorlarining namoyishkorona buzilishi deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter