NASA Oyga parvozni kechiktirdi
NASA o‘zining «Artemida» (Artemis) Oy dasturi jadvaliga jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi. NBC yozishicha, fazogirlarning Oy yuzasiga qo‘nishi 2028-yilda, «Artemida-4» missiyasi doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Eski rejaga ko‘ra, insonning Oyga qo‘nishi 2027-yilgi «Artemida-3» missiyasida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq, reja o‘zgardi va «Artemida-3» missiyasi faqat Yer quyi orbitasida texnologik sinovlar bilan cheklanadi.
NASA agentligi Space Launch System (SLS) raketa-tashuvchisini ishlab chiqarishni tizimlashtirmoqchi. Bu parvozlar orasidagi vaqtni hozirgi 3 yildan 10 oygacha qisqartirish imkonini beradi. NASA ma’muri Jared Ayzekman bu qarorni dasturning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash uchun «kursni to‘g‘rilash», deya ta’rifladi.
Oyga qo‘nish kechiktirilgan bo‘lsa-da, yaqin kunlarda tarixiy voqea yuz berishi kutilmoqda. 50 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng ilk bor inson ishtirokidagi Oy atrofini aylanib chiqish (fazogirlar Oyga qo‘nmasdan qaytadi) — «Artemida-2» missiyasiga tayyorgarlik yakunlandi. Agar yonilg‘i quyish va boshqa yakuniy sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, 6 mart kuni Oy tomon uchadigan fazoviy kemaga start berilishi kutilmoqda.
Inson oxirgi marta Oy yuzasiga 1972-yilning dekabrida («Apollon-17») qadam qo‘ygan. O‘shanda fazogirlar — Yujin Sernan va Harrison Shmitt Oyda 3 sutkadan ko‘proq vaqt davomida ilmiy tadqiqotlar olib borishgan. 2028-yilgi missiya insoniyatning yarim asrlik tanaffusdan keyingi ilk qaytishi bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter