Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nepalda suv toshqinidan 10 kun o‘tib ikki kishi tirik topildi

Nepalda suv toshqinidan 10 kun o‘tib ikki kishi tirik topildi

Foto: Bild

Nepalda qutqaruvchilar vayronkor suv toshqinidan o‘n kun o‘tib ikki kishini — uy vayronalari ostidan bir ayolni va gidroelektr stansiyasi (GES) tunnelidan Xitoy fuqarosini tirik topishdi.

Taxminan 60 yoshlardagi ayol Katmandu yaqinidagi Nuvakot tumanida vayronalar ostidan aniqlandi. U vertolyotda shifoxonaga yetkazildi.

Deyarli bir vaqtning o‘zida Nepal harbiylari va Janubiy Koreya qutqaruvchilaridan iborat qo‘shma guruh «Upper Trishuli» GES tunnel tizimidan xitoylik erkakni topishdi. Mutaxassislar tunnel ichkarisiga qarab qariyb 225 metr masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi. Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatildi va u ham vertolyotda evakuatsiya qilindi.

Bundan bir kun avval Trishuli GES tunnelidan ikki nafar nepallik ishchi qutqarilgan edi. Shu tariqa, ikki kun ichida to‘rt kishini tirik topishga muvaffaq bo‘lindi. Rasmiylar boshqa tunnellarda ham omon qolganlar bo‘lishi mumkinligidan umid qilmoqda: ayni paytda 12 ta gidroenergetika obyektining 900 ga yaqin ishchisi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, ulardan 500 ga yaqini yer ostida bo‘lishi mumkin.

Suv toshqini Nepal va unga qo‘shni Tibetga 26-avgust kuni yopirilgan edi. Taxminlarga ko‘ra, bunga muzlikning ko‘chishi sabab bo‘lgan. Shu paytgacha Nepalda 1 344 kishining halok bo‘lgani rasman tasdiqlandi, 4 900 ga yaqin kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Tibetda 31 kishi halok bo‘lgani va 531 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring