Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘g‘li Angliyada o‘qiydi, qizi Fransiyada yashaydi. Rossiya mudofaa vazirining pora olgani aytilayotgan o‘rinbosari aslida kim?

O‘g‘li Angliyada o‘qiydi, qizi Fransiyada yashaydi. Rossiya mudofaa vazirining pora olgani aytilayotgan o‘rinbosari aslida kim?

Foto: Topor Live

Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari Timur Ivanov pora olganlikda gumon qilinib, hibsga olingani haqida xabar bergandik.

Ivanov haqida qiziqdan-qiziq ma’lumotlar ochilmoqda.

Masalan, Ivanov «kuch ishlatar tizimning eng boy odamlaridan biri sifatida keng ommaga tanish» ekani haqida jurnalist Farida Rustamova o‘z telegram-kanalida yozdi.

«Ehtimol urush boshlanganidan buyon qo‘lga olinganlar orasida, hukumat iyerarxiyasida tutgan o‘rni va «qo‘li uzunligi» nuqta nazaridan, u eng yuqori mansabli amaldor bo‘lsa kerak.

Ivanov — Shoyguning eski do‘stlaridan, 2012-yildan beri birga ishlashadi. O‘sha mashhur qurolli kuchlar ibodatxonasi va «Patriot» bog‘i qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Xotini kazo-kazolar to‘planadigan davralar «malikasi» va tadbirkor Svetlana Zaxarova», — deb yozdi Rustamova.

Timur Ivanov rafiqasi Svetlana Zaxarova va kinoyulduz Monika Belluchchi bilan.
Foto: Topor Live

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda «zamministr»ning daromadi 13,6 mln rublni, oilasining daromadi 136,7 mln rublni tashkil etgan. 2016-yilda xotinining tavallud kunini Imperatorlik yaxta-klubida nishonlagan. Svetlana Zaxarovaning 45 yillik yubileyida Vyacheslav Butusov, Gosha Kutsenko va Valeriy Meladze kabi yulduzlar kuylagani haqida Life yozgan. Ushbu nashr kuzatuvlariga ko‘ra, Zaxarovaning Instagram sahifasini Kurshevel (Alp tog‘larining Fransiya qismidagi tog‘-chang‘i kurorti)ga muntazam uyushtirilgan ta’tillar, Afrikaga ekzotik safarilar, Sent-Trope (Fransiya)dagi yangi modalar taqdimotlaridan olingan fotosuratlar bezab turibdi.

Foto: Topor Live

2019-yilning iyunida Ivanovlar oilasi bir necha yuz million rubl qiymatidagi ko‘chmas mulk obyektlarini yashirib kelgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalgan, ammo ularni Ivanov izohlamagandi.

Rossiya Ukrainaga urush ochganidan so‘ng Ivanov AQSh, Yevropa Ittiofoqi va boshqa davlatlarning sanksiyalariga tushdi. Yevropa Ittifoqi uni Rossiya harbiy rahbariyati iyerarxiyasida muhimligi bo‘yicha o‘ninchi odam, deya ta’riflagandi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Timur Ivanov — Moskva davlat universitetining hisoblash matematikasi va kibernetika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatining katta qismini atom va energetika sohalari o‘tkazgan — Atom energetikasi vazirligining Atom obyektlarini qurish departamentida ishlagan,  Energetika vazirligiga qarashli Rossiya energetika agentligini boshqargan.

2012-yildan Sergey Shoygu jamoasiga qo‘shilgan (o‘shanda Shoygu Moskva viloyati gubernatori edi). Shoygu Mudofaa vaziri etib tayinlanganidan so‘ng, sobiq xodimini yoniga chaqirib oladi. Uch yil davomida Ivanov Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi AO «Oboronstroy» («Mudofaaqurilish» AJ) bosh direktori sifatida uning eng yirik infratuzilma loyihalariga bosh-qosh bo‘lgan. 2016-yilda Aleksey Dyumin Tula viloyatiga gubernator bo‘lib ketgach, Putinning farmoni bilan, Timur Ivanov Mudofaa vaziri o‘rinbosarligiga ko‘tarilgan.

Foto: Topor Live

Topor Live telegram-kanali OAV ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, Timur Ivanovning o‘g‘li Angliyada tahsil olyapti, qizi esa Fransiyada yashaydi. Ivanovning o‘g‘li mobilizatsiyadan bir necha kun avval o‘qish uchun Angliyaga uchib ketgan.

Timur Ivanovga nisbatan RF Jinoyat kodeksining 290-moddasi bo‘yicha ish ochilgan, pora olgani bo‘yniga qo‘yilsa, 15 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Yuqori lavozimli harbiy amaldor poyabzalida patsifistlar (tinchlik tarafdorlari) ramzini ko‘rish, ruschasiga aytganda, «prikolno»... 
Foto: Topor Live
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring