Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘izistonda nimalar bo‘lmoqda? Sobiq prezident Atambayev qamoqdan qurol bilan himoyalanmoqchi

Qirg‘izistonda nimalar bo‘lmoqda? Sobiq prezident Atambayev qamoqdan qurol bilan himoyalanmoqchi

Foto: «RIA Novosti»

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev qamalishi mumkin bo‘lgan taqdirda o‘zini qurol bilan himoya qilmoqchi. Bu haqda u jurnalistlar bilan bo‘lgan brifing chog‘ida aytib o‘tgan. Brifing Bishkek yaqinidagi Koy-Tash qishlog‘ida joylashgan rezidensiyasida bo‘lib o‘tdi.

Atambayevning aytishicha, unda mukofotga berilgan qurol bor va lozim bo‘lsa otishmaga kirishishga tayyor. Bu bilan u o‘zini qamoqqa olishga keladiganlarni ogohlantirdi: «Ular noqonuniy buyruqni bajaradilar», — deydi sobiq prezident.

Atambayev shu bilan birga o‘zining himoyasi uchun tarafdorlari miting qilgan taqdirda, tadbirda chiqish qilishga tayyor ekanini ham bildirdi. «Nima uchun chiqmasligim kerak? Men har doim xalq bilan birga bo‘lganman», — deydi u jurnalistlar savoliga javoban.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston parlamenti Atambayevni sobiq prezident sifatida dahlsizlik huquqidan mahrum qilish qarorini qabul qilgan edi. Bu holat Atambayevni jinoiy javobgarlikka tortish imkonini beradi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti to‘qqizta jinoyatda ayblanmoqda. Ular orasida Rossiya fuqarolariga, shu jumladan uyushgan jinoyatchilar to‘dasi vakillariga mukofot qurollari berish, yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish, jinoyat olamida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Aziz Batukayevni ozodlikka chiqarishda ko‘maklashish, daromadlarni yashirish, Bishkek IEMni modernizatsiya qilishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish va ushbu ob’yektga noqonuniy ko‘mir yetkazib berish ayblovlari bor.

Agarda bu ma’lumotlar tasdiqlansa Atambayev bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Uning o‘zi bu ayblovlarni bema’nilik, deb hisoblaydi va xalqi oldida vijdoni toza ekanini aytib kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, Almazbek Atambayev 2011 yildan 2017 yilga qadar Qirg‘izistonni boshqargan edi.

E’tiborli tomoni, ayni vaqtdagi prezident Sooronbay Jeenbekovni aynan Atambayev tavsiya qilgan va saylovda qo‘llab-quvvatlagan edi. Oxirgi bir yarim yilda Qirg‘izistonda ikki sobiq bosh vazir, Bishkekning ikki sobiq meri, bir qator vazirlar, deputatlar va boshqa yuqori lavozimlarda ishlagan shaxslar qamoqqa olingan. Ular Atambayev hokimiyat tepasida bo‘lgan vaqtda u bilan birga ishlagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring