Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘izistonda qirg‘izlar va turklar o‘rtasida janjal chiqdi. To‘liq sharh

Qirg‘izistonda qirg‘izlar va turklar o‘rtasida janjal chiqdi. To‘liq sharh

Foto: «Elgezit.kg»

Qirg‘izistonning Chuy viloyati, Sokuluv tumanidagi Orok qishlog‘ida qirg‘izlar va turklar o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Natijada uylarga va mashinalarga zarar yetkazilgan. Bu haqda Qirg‘izistondagi bir qator nashrlar, jumladan «Kaktus.media» xabar tarqatdi.

Janjal 5 iyun kuni Hayit namozidan so‘ng kelib chiqqan. Xabar qilinishicha, avvaliga qirg‘iz va turk millatiga mansub o‘smirlar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Jabrlanganlardan birining onasi Cholpon Ashirbayevaning aytishicha, uning o‘g‘li va qarindoshiga boshqa millat vakillari to‘qmoqlar bilan hujum qilgan. Natijada har ikkisi kasalxonaga tushgan, ularning holati barqaror ekani aytilmoqda.


Ushbu mojaro bo‘yicha huquq-tartibot xodimlari tomonidan «bezorilik» moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Sokuluk tuman IIBga Orok qishlog‘ida mushtlashuv bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgani zahoti maxsus bo‘linma yuborilgan. Unga ko‘ra uch o‘smir mushtlashgani aytildi. Avvaliga daxanaki jang bo‘lgan, keyin esa mushtlashuv boshlangan. Natijada 2003 yilda tug‘ilgan ikki o‘smir tan jarohati olgan.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanganlardan biri A. T. 2019 yilning 4 iyunida Bishkekdan Orokdagi qarindoshlarinikiga mehmonga kelgan. Ertasi kuni janjal kelib chiqqan va u tan jarohatlari olgan.


Shundan so‘ng jabrlanganlarning qarindoshlari Orok qishlog‘i hududiga yig‘ilgan va o‘z noroziliklarini bildirgan. Ba’zi manbalarda aytilishicha, qishloqdagi turklarning uylariga hujum uyushtirilib, 12 ta uyning oynalari sindirilgan. Shuningdek hovlilardan biridagi somon uyumi yoqib yuborilgan. Avtomobil va traktor oynalari sindirilgan.

Janjaldan so‘ng qishloqda har ikki millat vakillari guruh bo‘lib yig‘ilgan. Ular o‘rtasidagi janjal chuqurlashib ketmasligi uchun militsiya bo‘linmalari zarur chora-tadbirlarni ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlarning qarindoshlari janjalda ishtirok etganlarning oilasi qishloqdan ko‘chib ketishini talab qilgan.


Tushdan so‘ng vaziyat ancha keskinlashdi. Soat 16.00 atrofida Orok qishlog‘i markazida mahalliy aholi vakillari ko‘pchilik bo‘lib yig‘ildi. Voqea joyiga yetib kelgan jurnalistlar 100dan ortiq kishilarni ko‘rgan. Ularni huquq-tartibot xodimlari nazorat qilib turgan. Voqea joyida Qirg‘iziston IIV vaziri Qashqar Junushaliyevning shaxsan o‘zi bo‘lgani aytilmoqda.

Har ikki millat vakillari o‘rtasida janjal keltirib chiqarishga urinayotgan 25-30 kishi IIVning maxsus bo‘linmasi tomonidan qo‘lga olinib, avtobuslarda olib ketilgan.
Shu bilan birga, Bishkek tomon ketadigan yo‘l yopilgan. Qishloq tomon muntazam ravishda IIV maxsus bo‘linmalarining avtobuslari o‘tib turgan.


Garchi mushtlashuv qirg‘iz va turk millati vakillari o‘rtasida kelib chiqqan va hamon davom etishi xavfi bo‘lsa-da, IIV rahbariyati nizoga millatlararo tus bermaslikni so‘rab o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarda millatga urg‘u bermagan holda Orok qishlog‘ida yoshlar o‘rtasida janjal kelib chiqqani aytilmoqda.

Kaltaklangan o‘smirlar borasida Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi ham ma’lumot berdi. Ulardan biri terapiya, ikkinchisi esa neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Har ikkisi ham shifokorlar nazorati ostida. Bemorlarning holati barqaror ekani aytilmoqda.

Kecha tunga borib Orok qishlog‘i hududi to‘liq yopildi. Qishloqqa mahalliy aholi vakillaridan boshqa hech kim qo‘yilmadi. Ko‘chalarda esa tuni bilan militsiya bo‘linmalari muntazam ravishda navbatchilik olib bordi. Qishloqdagi yo‘l orqali Bishkek tomon o‘tmoqchi bo‘lganlar esa aylanma yo‘l orqali yo‘naltirildi.


Janjal Chuy viloyatidagi Orok qishlog‘iga yondosh hududlardagi mahalliy aholi vakillarini ham bee’tibor qoldirmadi. Jumladan, Jani-Jer qishlog‘ida bir guruh odamlar yig‘ilgan va Orokdagi millatdoshlariga yordamga borishga shaylangan. IIV rahbariyati darhol vaziyatni nazoratga oldi. Jani-Jer qishlog‘iga IIV vazirining o‘rinbosarlaridan biri yetib kelgan. Maxsus bo‘linmalar qishloqdagi vaziyatni nazorat qilib turibdi va huquq-tartibot xodimlari aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bu qishloqda janjalning oldini olishga muvaffaq bo‘lingan. Ayni vaqtda Jani-Jerda vaziyat barqaror.

Ammo Orok va Jal qishloqlari o‘rtasida 100-150 nafar odamlar to‘plangani aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ular Orokka yo‘l olishni ko‘zlagan.

Janjal kelib chiqqandan so‘ng vaziyatni o‘nglash uchun har ikki millat oqsoqollari yig‘ilib, qishloqdagi masjidda o‘zaro muzokara olib bormoqda. Oqsoqollar janjalni bostirish va kelgusida qayta kelib chiqmasligini ta’minlashga harakat qilyapti.


Mavjud vaziyat Bishkekka ko‘chmasligi uchun shahar rahbariyati ish olib bormoqda. Bishkek meri Aziz Surakmatovning xabar qilishicha, ayni vaqtda shaharda vaziyat tinch. Har bir tuman IIB rahbarlari o‘z hududini to‘liq nazorat qilmoqda. Har qanday provokatsiya, millatlararo nizo keltirib chiqarishga bo‘lgan urinishning oldi darhol olinishi uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Jengiz Komil Firat vaziyatdan xabar topgani hamono janjal kelib chiqqan Orok qishlog‘iga yetib kelgan. Aytilishicha, elchixona xodimlaridan biri unga telefon orqali ma’lumot yetkazgan. Turkiya elchixonasining homilador xodimi janjal kelib chiqqan vaqtda Orok qishlog‘idagi xonadonlardan birida mehmon bo‘lgan. U elchiga yig‘lab qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zlari turgan uyga hujum bo‘layotgani, derazalar sindirilganini aytib o‘tgan.


Elchi Jengiz Komil Firat Orok qishlog‘iga yetib kelgani hamono uni mahalliy aholi vakillari o‘rab olgan va nimalar bo‘layotganini xabar qilgan. Jengiz Firat yig‘ilganlarga murojaat qilib, janjal millatlararo nizoga aylanib ketmasligini ta’minlash lozimligini aytgan.

E’tiborli tomoni, janjal keltirib chiqarganlarning biri mahalliy kengash deputati ekani aytilmoqda. Sokuluk tumani IIB rahbari tomonidan ma’lum qilinishicha, deputat Qilich Borkoyev ayni vaqtda militsiya bo‘limida saqlanmoqda. U janjal tashkilotchilaridan biri hisoblanadi.

Tahminan soat 4.30 da militsiya barcha qo‘lga olinganlarni qo‘yib yuborgan.

Ayni vaqtda, mahalliy vaqt bilan soat 12.00da Orok qishlog‘ida vaziyat tinch. Ammo mahalliy aholi vakillari har narsaga shay bo‘lib turibdi. Hamma yig‘ilganlar oqsoqollar kengashi qanday qarorga kelishini kutmoqda. Vaziyat Qirg‘iziston IIV tomonidan to‘liq nazorat qilib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring