Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 Rokfeller IV ning hayratlanarli hayot yo‘li va o‘limi

 Rokfeller IV ning  hayratlanarli hayot yo‘li va o‘limi

foto:internet ochiq manba

2026-yil 6-noyabr kuni Amerika siyosiy hayotining taniqli arboblaridan biri, sobiq senator va G‘arbiy Virjiniya shtati gubernatori Jon Devison «Jey» Rokfeller IV 89 yoshida vafot etdi. U Vashingtondagi uyida hayotdan ko‘z yumdi. Oilasi o‘lim sababini hozircha oshkor qilmagan...

O‘zi, otasi va amakilari..

Jey Rokfellerning hayotini faqat siyosiy lavozimlar yoki mashhur familiya bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U Amerika tarixidagi eng boy sulolalardan birida tug‘ilgan bo‘lsa-da, taqdirini oilaviy boylik soyasida emas, kambag‘allar, oddiy odamlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaati uchun kurashish bilan bog‘lashga harakat qildi. Eng qizig‘i, bu yo‘lda o‘z oilasining siyosiy an’analariga ham qarshi bordi. Rokfellerning hayotidagi eng katta ziddiyat ham shunda edi: u dunyodagi eng mashhur kapitalistik sulolalardan birining avlodi bo‘lib, siyosiy maydonda Demokratik partiya vakili sifatida faoliyat yuritdi.

Jey Rokfeller 1937-yil 18 iyunda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi Jon Devison Rokfeller IV edi. Jeyning katta bobosi – Jon Devison Rokfeller Amerika tarixidagi eng boy insonlardan biri bo‘lgan. U Standard Oil neft imperiyasini barpo etib, ulkan boylik to‘plagan va zamonaviy Amerika sanoati rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Jeyning otasi Jon D. Rokfeller III mashhur filantrop, ya’ni xayriya ishlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor edi. Amakilari orasida esa Nyu-York gubernatori va AQSh vitse-prezidenti bo‘lgan Nelson Rokfeller, bankir Devid Rokfeller kabi mashhur shaxslar bor edi.

Bunday oilada tug‘ilgan bolaning kelajagi oldindan belgilab qo‘yilgandek edi. Unga boylik, nufuz, obro‘ va siyosiy imkoniyatlar meros bo‘lib qolishi mumkin edi. Ammo Jey o‘z hayotini boshqacha qurishga qaror qildi. U Garvard universitetida tahsil oldi, Yaponiyada yashab, xalqaro ta’lim muhiti bilan tanishdi. Tokiodagi Xalqaro xristian universitetida ingliz tilidan dars berdi. Keyinchalik AQShdagi tinchlik korpusi va ijtimoiy xizmat dasturlarida ham ishtirok etdi.

Millioner avlodidan oddiy qishloq aholisi orasiga

Jey Rokfeller taqdirini o‘zgartirgan voqealardan biri 1964-yilda yuz berdi. U AQShning eng qashshoq hududlaridan biri hisoblangan G‘arbiy Virjiniya shtatiga bordi. Keyin VISTA – kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan ko‘ngillilar dasturida ishlay boshladi. Jey boy oila farzandi sifatida hashamatli hayot kechirish o‘rniga oddiy odamlar orasida yashashni ma’qul ko‘rdi. Unga dastur doirasida kamtarona turmush kechirish, mahalliy aholi muammolarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va ularga yordam berish vazifasi yuklatilgan edi.

Jey Emmons nomli kichik aholi punktida yashab, yoshlar bilan ishladi, sog‘liqni saqlash loyihalarida qatnashdi. Hatto bolalar uchun ilk beysbol jamoasini tashkil etishga yordam berdi. Ayollar salomatligini tekshirish uchun ko‘chma tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yishda ham ishtirok etdi.

Jey qashshoq hududga vaqtincha kelgan edi. Ammo G‘arbiy Virjiniya aholisining hayoti, ularning qiyinchiliklari va muammolari unga shunchalik ta’sir qildiki, bu shtatni o‘zining yangi vataniga aylantirdi.

1966 yilda Jey Rokfeller mahalliy qonun chiqaruvchi organga saylandi. 1968-yilda esa shtat davlat kotibi lavozimini egalladi. 1972 yilda gubernatorlik saylovida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, siyosiy faoliyatini to‘xtatmadi. 1976 yilda gubernator etib saylandi va 1977–1985-yillarda ikki muddat ushbu lavozimda ishladi.

Senatda 30 yil

1984 yilgi saylovda Jey Rokfeller AQSh Senatiga saylandi. 1985-yildan 2015-yilgacha, ya’ni roppa-rosa 30 yil davomida G‘arbiy Virjiniya manfaatlarini mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi organida himoya qildi. Uning siyosiy qarashlari oilasining ko‘pchilik a’zolaridan farq qilardi. Rokfellerlar sulolasining aksariyati Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlagan bir paytda, Jey Demokratik partiya a’zosi bo‘ldi.

Senator sifatida u, avvalo, kam ta’minlangan oilalar, bolalar, keksa insonlar, konchilar va harbiy xizmatchilar manfaatlariga e’tibor qaratdi. Eng muhim ishlaridan biri 1997 yilda bolalar tibbiy sug‘urtasini kengaytirishga qaratilgan dastur – CHIP tashkil etilishida ishtirok etganidir. Bu dastur orqali ota-onasining daromadi yetarli bo‘lmagan millionlab amerikalik bolalar tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Rokfeller Medicare dasturini himoya qilish, konchilarning sog‘lig‘ini saqlash va ularga tibbiy imtiyozlar berish, harbiy xizmatchilar salomatligi bilan bog‘liq kasalliklarni o‘rganish kabi masalalarda ham faol qatnashdi. Uning e’tiborini faqat ijtimoiy soha tortmasdi. Raqamli texnologiyalar taraqqiyoti bilan bog‘liq kiberxavfsizlik masalalarini ham ko‘tardi. 2014 yilda kompyuter tarmoqlarini himoya qilish va kiberxavfsizlik standartlarini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi.

Eng katta siyosiy xato...

Jey Rokfeller faoliyatida bahsli qarorlar ham bo‘lgan. Ularning eng muhimi 2002 yilda Iroqqa qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyusiyani qo‘llab-quvvatlaganidir. O‘sha paytda Jorj Bush ma’muriyati Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni urushga asos sifatida keltirayotgan edi.  Keyinchalik esa bunday qurollar topilmadi.

Rokfeller o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. 2004 yilda uning aytishicha, agar o‘sha vaqtda hozir bilgan ma’lumotlariga ega bo‘lganida, urushni qo‘llab-quvvatlamasdi.

2008-yilda Senat Razvedka qo‘mitasi raisi sifatida u Iroq urushiga asos bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini tekshirish bo‘yicha yirik surishtiruvga rahbarlik qildi. Qo‘mita hisobotida Jorj Bush ma’muriyati va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar razvedka ma’lumotlarini bo‘rttirib ko‘rsatgani, jamoatchilikka Iroq tahdidi haqida chalg‘ituvchi tasavvur berilgani qayd etildi. Bu voqea Rokfellerning siyosiy hayotidagi murakkab sahifalardan biri bo‘lib qoldi. U avval qo‘llab-quvvatlagan qarorning oqibatlarini keyinchalik ochiq tanqid qilgan edi.

Millionlar vorisi, ammo...

Jey Rokfellerning boyligi hamisha jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan. U AQSh Kongressidagi eng badavlat siyosatchilardan biri edi. 1984 yilgi senatorlik saylovi kampaniyasiga o‘z mablag‘laridan ham millionlab dollar sarflagan. Biroq Jeyning siyosiy faoliyatini faqat pul bilan izohlash qiyin. Uning eng muhim siyosiy kapitali G‘arbiy Virjiniyadagi saylovchilar bilan o‘rnatgan munosabatlari edi. Nyu-Yorkda tug‘ilgan, dunyodagi eng mashhur boylar sulolasiga mansub insonning kambag‘al konchilar shtatida o‘nlab yillar davomida siyosiy ishonch qozonishi o‘ziga xos hodisa edi.

2013-yilda Jey oltinchi marta senatorlikka nomzodini qo‘ymasligini e’lon qildi. 2015-yilda esa 30 yillik senatorlik faoliyatini yakunladi. O‘sha paytda aytgan gaplari uning hayotdagi asosiy maqsadini ifoda etardi: «Eng ko‘p yordamga muhtoj insonlarni himoya qilish – butun hayotimning mazmuni bo‘ldi. Men o‘zim uchun qadrli bo‘lgan odamlar hayotini yaxshilash yo‘lida kurashishdan hech qachon to‘xtamayman».

Oilasi va shaxsiy hayoti

Jey Rokfeller 1967 yilda Sheron Persiga uylangan. Uning rafiqasi Amerika jamoatchilik televideniyesi sohasida faoliyat yuritgan taniqli rahbarlardan biri edi. Sheron keyinchalik WETA jamoatchilik telekanali prezidenti va bosh ijrochi direktori bo‘lib ishladi.

Ular 58 yildan ortiq umr yo‘ldoshi bo‘lib yashadilar. To‘rt nafar farzand va to‘qqiz nafar nabirani voyaga yetkazdilar.

Jey Rokfeller hayotidagi eng diqqatga sazovor jihat shundaki, u dunyodagi eng boy oilalardan birida tug‘ilgan bo‘lsa-da, faoliyatining katta qismini kambag‘allik, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati va oddiy insonlar muammolariga bag‘ishladi. Uning bolalar tibbiy sug‘urtasi, konchilar huquqlari, keksa insonlar va harbiy xizmatchilar salomatligi yo‘lidagi ishlari Amerika ijtimoiy siyosatida iz qoldirdi.

Ehtimol, Jey Rokfellerning eng katta hayotiy sabog‘i shundadir: insonning qanday oilada tug‘ilgani muhim, ammo umri davomida kimlar uchun xizmat qilgani undan ham muhimdir.

Usmonjon Karimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring