Rossiya Eronga yordam yuborishni boshladi – Rossiya TIV
Eron Rossiya va boshqa do‘st davlatlarga gumanitar yordam so‘rab murojaat qilgan va Rossiya uni yetkazib berish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan.
Bu haqda Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Eronda ko‘plab shifoxonalar va tez yordam stansiyalari vayron bo‘lgani, shuningdek yaralanganlar soni, jumladan ayollar va bolalar orasida ham ko‘paygani sababli Tehron do‘st davlatlarga murojaat qilgan. Eron Rossiyadan ham dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berishni so‘ragan.
Zaxarovaga ko‘ra, Rossiya prezidenti ko‘rsatmasi bilan Eron xalqiga gumanitar yordam yetkazib berish ishlari tashkil etilmoqda.
Moskva, shuningdek Yaqin Sharqdagi mojaroning nazoratsiz kengayib borayotganidan jiddiy xavotir bildirgan. Rossiya tomoniga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari butun mintaqada vaziyatni izdan chiqargan.
Ma’lum qilinishicha, janglar Fors ko‘rfazi atrofidagi bir qator arab davlatlari hududiga ham ta’sir ko‘rsatgan va bu mamlakatlar aholisi uchun ham og‘ir gumanitar oqibatlarga sabab bo‘lgan.
Rossiya TIV bayonotida ta’kidlanishicha, mojaro ekologik va radiologik halokat xavfini keltirib chiqarmasligi uchun harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaytish zarur.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter