Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya o‘zbekistonliklar hisobiga o‘z aholisini ko‘paytirmoqchi

Rossiya o‘zbekistonliklar hisobiga o‘z aholisini ko‘paytirmoqchi

Rossiya hukumati qo‘shni mamlakatlar fuqarolari hisobiga o‘z xududlari aholisini ko‘paytirish tizimini yaratmoqda. Maqsad ulkan: "yangi rossiyaliklar" adadini 5-10 million kishiga yetkazish. Bu haqida Rossiyadagi "Kommersant" nashri xabar berib o‘tdi.

Donor mamlakatlar sifatida esa rus tilida muloqot qiladigan aholi mavjud bo‘lgan Ukraina, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Moldaviya ko‘rilmoqda. Ayni vaqtda tizimni tashkil etish ishlari yakuniga yetgan. Unga ko‘ra migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini 2019-2025 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Vladimir Putinning 6 mart sanasida konsepsiyani amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzish haqida ko‘rsatmasi bu borada oxirgi qadam bo‘ldi.

Ishchi guruh 24 kishidan iborat bo‘lib, unga turli vazirlik va idoralar xodimlari, Gosduma deputatlari kirgan. Prezident administratsiyasidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish boshqarmasi rahbari Maksim Travnikov ishchi guruhni boshqaradi.

Migratsiya masalasiga katta e’tibor qaratishni Vladimir Putin talab qilmoqda. U oxirgi vaqtlarda Rossiyadagi demografik inqiroz haqida ko‘p gapirmoqda. Putin oxirgi marta federal yig‘ilish vaqtida bu mavzuda gap ochgan va Rossiya og‘ir demografik jarayonni boshidan o‘tkazayotgani, tug‘ilish kamayib ketayotgani haqida gapirib, vaziyatga ko‘nikib qolmasdan, qiyinchiliklarni yengib o‘tish lozimligini ta’kidlagan edi.

Yaqinda Rossiyada "Fuqarolik haqida" qonunga o‘zgarish kiritilishi kutilmoqda. Unga ko‘ra RF fuqaroligini olishni istaganlardan yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tish talabi olib tashlanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek Ukraina fuqaroligidan Rossiya fuqaroligiga o‘tganlarga davlat idoralarida, xususan Ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlarida ishlashga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring