Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saudiya va Pokiston o‘rtasida tarixiy bitim imzolandi

Saudiya va Pokiston o‘rtasida tarixiy bitim imzolandi

Foto: SPA

Saudiya Arabistoni va Pokiston mudofaaga oid strategik bitim imzoladi. Caudiya davlat axborot agentligi xabar berishicha, ushbu hujjatga muvofiq tomonlardan biriga qarshi uyushtirilgan hujum har ikkisiga uyushtirilgan hujum deb baholanadi.

Mudofaaga oid bitim Riyoz shahrida Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi.

Rasmiy Islomobod va Riyoz tarqatgan xabarga qaraganda, ushbu bitim ikki davlatning har qanday agressiyaga qarshi hamkorlikdagi javobini ko‘zda tutadi.

Pokiston musulmon olamida yadro quroliga ega yagona mamlakat sanaladi. Mudofaa bitimi Saudiya Arabistoni ham Pokiston yadro shamsiyasi ostiga olinganidan dalolat beradi.

Saudiya hamda Pokiston iqtisodiy, harbiy, siyosiy va diniy sohalarda yaqin hamkorlik qilib keladi.

Saudiya podshohligi Pokiston sanksiyalar sabab qiynalgan vaqtda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan. O‘z navbatida Pokiston Saudiya hududidagi Makka va Madina kabi muqaddas shaharlarni himoya qilishga shayligini bildirib keladi.

Jahon matbuoti, xususan, AP agentligi ikki yirik musulmon davlat o‘rtasida mudofaa bitimi Isroilning Qatar hududiga hujumidan bir necha hafta o‘tib imzolanganiga e’tibor qaratmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Isroil 9 sentyabr kuni xalqaro huquqni buzgan va “qizil chegaralar”ni hatlagan holda Qatar poytaxti Doha shahriga aviahujum uyushtirdi. Isroil rasmiylari hujum HAMAS harakatining yuqori rahbariyatiga qaratilganini ma’lum qilgan.

Axios nashri hisob-kitobiga ko‘ra, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan keyin Yaqin Sharqdagi yetti davlat (Falastin, Livan, Iroq, Suriya, Eron, Yaman va Qatar) hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirdi.

Tel-Avivning urushqoq siyosati esa AQSh tomonidan dastaklanmoqda.

Isroilning Qatarga hujumi AQSh ittifoqchilarida “Bundan keyin Vashingtonga ishonib bo‘lmaydi” degan fikrni yanada kuchaytirishi aytilmoqda.

Saudiya Arabistoni ham hozirga qadar mudofaa sohasida birinchi navbatda AQSh kafolatiga ishonib kelgan.

Turli taxminlarga ko‘ra, Pokistonda 170 ta yadro kallagi mavjud.

Saudiya Arabistoni rahbariyati ham avvalroq agar Eron ommaviy qirg‘in quroliga ega bo‘lsa, o‘z yadro qurolini yaratishga harakat qilishi haqida bayonot bergan.

Tahlilchilar AQShning Yaqin Sharqdagi yirik ittifoqchilaridan biri sanalgan Saudiya podshohligining Pokiston bilan mudofaa bo‘yicha strategik bitim imzolashini ma’lum ma’noda Vashington siyosatiga ishonchsizlik ifodasi deb atamoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring