Sevgi uchburchagi emas, to‘rtburchagi...
1933-yilda Stokgolm zali sahnasida Ivan Buninga adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilayotganida uning yonida ikki ayol turardi: qonuniy rafiqasi Vera Muromseva va yosh ma’shuqasi Galina Kuznetsova. Ammo bu voqeaning asl manzarasi uch kishini emas, balki to‘rt insonni o‘z ichiga oladi. Mazkur dramaga sherik bo‘lgan to‘rtinchi – eng yosh va eng baxtsiz ishtirokchi esa tarixiy xotiralarda kamdan-kam tilga olinadi.
Buninning Veragacha bo‘lgan ikkita nikohi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. U fuqarolik nikohida yashagan birinchi yo‘ldoshi Varvara Pashchenkoni qizning o‘z oilasi tan olmagan, 1894-yilda esa Varvara qisqagina xat qoldirib, uni tashlab ketgan. Bu zarba yozuvchiga shu qadar og‘ir botganki, hatto o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylagan. Go‘zal Anna Sakni bilan qurilgan ikkinchi nikoh ham go‘daklarining o‘limidan so‘ng parchalanib ketdi.
Moskva professorining qizi Vera Muromseva bilan Bunin 1906-yilda tanishgan. O‘shanda Vera yigirma besh, Bunin esa o‘ttiz olti yoshda edi va u hali qonuniy ravishda Sakni bilan ajrashmagan edi. Veraning ota-onasi bu ittifoqqa tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishdi, biroq qiz buni aslo qurbonlik deb hisoblamadi.
Tanishganlaridan yarim yil o‘tib, ular birgalikda Falastin, Misr, Suriya va Yevropa bo‘ylab sayohatga yo‘l olishdi. Rasmiy nikoh esa faqat 1922-yilda, ular allaqachon emigratsiyada, Fransiya janubidagi Grass shahrida qo‘nim topganlaridan keyingina amalga oshdi. Keyinchalik Bunin o‘zini Verasiz tasavvur qila olmasligini aytib, xuddi o‘z qo‘li yoki oyog‘i kabi ajralmas bir bo‘lak deb bilishini va uni sevish o‘z tanasini sevish bilan barobarligini tan olgan edi.
1926-yilda hamma narsa o‘zgarib ketdi. Ellik olti yoshli Bunin Grass sohilida yigirma olti yoshli Galina Kuznetsova bilan tanishib qoldi. Oshiq-ma’shuqlar bir yil davomida Parijda yashirincha uchrashib yurishdi, 1927-yilda esa Bunin Galinani to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari yashayotgan «Belveder» villasiga ko‘chirib keltirdi. U rafiqasini tayyor fakt qarshisida qoldirdi: bundan buyon Galina ular bilan go‘yoki «shogird» sifatida birga yashaydigan bo‘ldi. Vera esa, kundaliklarida tan olishicha, agar muhabbat Xudo tomonidan berilgan bo‘lsa, erining tanloviga va uning sevish huquqiga to‘sqinlik qilishga haqqi yo‘qligiga o‘zini ishontirdi.
Oradan ikki yil o‘tib, 1929-yilning noyabrida, shusiz ham g‘alati bo‘lgan xonadonga yana bir yangisi qo‘shildi. Muhojir yozuvchi, o‘shanda yigirma yetti yoshli Leonid Zurov Grassga kelib, deyarli birinchi nigohdayoq Vera Nikolayevnaga umidsizlarcha ko‘ngil qo‘ydi. Vera uni ko‘proq o‘g‘lidek qabul qilardi, chunki o‘zining yagona zurriyodini go‘dakligidayoq tuproqqa bergan edi. Natijada quvonchdan yiroq, ammo deyarli simmetrik bo‘lgan bir zanjir yuzaga keldi: qariyotgan Buninning o‘zidan o‘ttiz yosh kichik ma’shuqasi bor edi, Veraning esa xuddi shunday yosh, ammo tuyg‘ulari javobsiz qolgan oshig‘i paydo bo‘ldi. Oilaning tanishlari bu to‘rt kishilik xonadon ustidan ochiqchasiga kulishar, do‘stlaridan biri esa bir safar Galinaga: «To‘rtovingiz bir-biringizga shu qadar bog‘lanib, bir-biringizdan shunchalik charchagansizki, bu bir qarashdayoq seziladi», deb aytgan edi.
Shu bilan birga, ro‘zg‘or tebratish ham tobora qiyinlashib borardi: hech qachon to‘kin-sochin yashamagan oilada pul mutlaqo yetmasdi. Vera o‘z kundaligida raqibasining eski kiyimlarini kiyib yurganini alam bilan yozgan. Kuznetsovaning o‘zi ham bu uchburchakda baxtli emas, u ham o‘z bitiklarida bu cho‘zilib ketgan vaziyatdan zorlanib, g‘azabini yashira olmas edi. O‘zining Nobel mukofotiga sabab bo‘lgan «Arsenevning hayoti» romanini yozish bilan band bo‘lgan Bunin esa, go‘yoki o‘z yaqinlarini qanday noqulay va og‘ir ahvolga solib qo‘yganini sezmas edi.
1933-yilga kelib, Bunin, Vera, Galina va Zurovdan iborat bu to‘rtlik allaqachon o‘zaro ko‘nikib qolgan, og‘riqli bo‘lsa-da, yagona oilaviy turmush tarziga aylangan edi. Aynan o‘sha yili Nobel mukofoti haqidagi xushxabar keldi: yozuvchi 715 ming frank pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Biroq u yordam so‘rab yozilgan minglab xatlarga javoban, bu pulning qariyb 120 mingini muhtoj muhojir hamkasblariga tarqatib yubordi.
Stokgolmdan qaytish yo‘lida Galina Kuznetsova opera xonandasi Marga Stepun bilan tanishib qoldi va tez orada Buninni tashlab, o‘sha ayol bilan ketishini e’lon qildi. Dahshatga tushgan yozuvchi rafiqasiga yozgan xatida, sobiq ma’shuqasi uchun u go‘yoki mavjud bo‘lmagan bir buyumga aylanganini, holbuki o‘zi uchun bu munosabatlar hayotidagi eng buyuk tuyg‘u bo‘lganini iztirob bilan bayon qiladi. Biograflar Buninning mashhur «Zulmat xiyobonlar» (Tyomnie allei) nomli muhabbat haqidagi so‘nggi hikoyalar turkumini aynan ushbu yurak zilzilasi bilan bog‘laydilar.
Bunin Galinaning ajralishidan kuyib-yonayotgan bir paytda, Leonid Zurovning Veraga bo‘lgan javobsiz muhabbati ancha og‘ir oqibatlarga olib keldi. Yoshi ulg‘aygan sari uning ruhiy holati yomonlashib bordi, shu bois bir necha bor o‘z joniga qasd qilishga urindi. Umrining so‘nggi yillarini u goh qarib, kasallanib qolgan buninlar juftligiga g‘amxo‘rlik qilish bilan, goh ruhiy kasalliklar shifoxonasida davalanish bilan o‘tkazdi.
Bunin o‘limi oldidan o‘zining eng qimmatli boyligi – adabiy arxivini aynan Zurovga ishonib topshirdi. Va Zurov haqiqatan ham qolgan butun hayotini Bunin merosini tartibga solish va nashr etishga bag‘ishladi. U 1961-yilgacha, ya’ni Vera Nikolayevna vafot etguniga qadar uning yonida qoldi. O‘zi esa Veradan o‘n yil o‘tib, 1971-yilda ruhiy kasalxonada, butun umr qalbida asrab o‘tgan tuyg‘usiga zarracha bo‘lsa-da javob ololmay, bu dunyoni tark etdi.
Yuqoridagi voqealarni chetdan kuzatib borgan shoira Marina Svetayeva Veraning tutumi haqida shunday degan edi: «Verani boshqalar xohlagancha hukm qilsin, men esa unga faqat qoyil qolishim mumkin, chunki Bunin Verasiz yashay olmasdi va Vera bu xonadonda xuddi onalardek yo‘l tutdi».
Biroq bu tarixning ikki emas, to‘rt nafar qahramoni bor edi. Agar Veraning qurbonligi zamondoshlari tomonidan bahs va muhokama qilingan bo‘lsa, Zurovning qurbonligi o‘zganing shuhrati va arxivi ichida deyarli sezilmay qoldi. U bu xonadonga o‘zining qisqa umri, muhabbati, aql-hushi va birovning qo‘lyozmalari ustida o‘tkazilgan o‘n yillik mehnatini fido qildi. Evaziga esa o‘zgalar baxtining sodiq soyasi bo‘lishdan boshqa hech vaqoga erishmadi. Ehtimol, bu achchiq qismatning eng mahzun yakuni ham shundadir: kimdir muhabbat yo‘lida sabr qilishni o‘rgangan bo‘lsa, boshqa bir kimsa hech qachon ushalmaydigan umidsiz yashashni o‘rgana olmadi.
Saidmurod Xolbekov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter