Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Talaba 9 million yevrolik oltin xazinasini topdi

Talaba 9 million yevrolik oltin xazinasini topdi

Foto: Dendermonde politsiyasi

Belgiyalik 18 yoshli Kobe ismli talaba yozgi ta’til paytida qurilishda ishlayotib, oltin xazinasini topib oldi. Oltinlar qiymati taxminan 9 million yevroga teng.

Xazina Bryusseldan 30 kilometr olisdagi Dendermonde shahridagi sobiq pivo zavodining yerto‘lasida, devor ichiga yashirilgan edi. Topilmaga duch kelgan yigit shu zahoti politsiyaga xabar bergan.

Kobe kanalizatsiya quvurlari uchun xandaq qaziyotib, devor orasiga yashirilgan qopga duch keldi. Bu xazinadan nafaqat oltin quymalari, balki tilla tangalar va tabiiy oltin bo‘laklari ham chiqdi. Quymalarning bir qismida 1957, 1960 va 1961-yillar muhri saqlanib qolgan.

Yashirin joy 19-asr asr oxirida pivo zavodi egasi Teofilus Van Asshe qurdirgan hashamatli uy devorida bo‘lgan. 1899-yildan 1970-yilgacha bu yerda zavod ham ishlagan. Muhofazaga olingan obyektlar ro‘yxatiga kiritilgan ushbu bino qayta ta’mirlanib, ofis va turarjoylarga aylantirilmoqda.

Dendermonde shahrining sobiq meri, tarixchi Pit Byoysening fikricha, oltinlarni pivo zavodi egasining oilasi yashirgan bo‘lishi mumkin. Chunki 20-asr o‘rtalarida badavlat kishilar iqtisodiy inqirozdan qo‘rqib, jamg‘armalarining bir qismini oltinga aylantirishgan va uyda saqlashgan.

Politsiya xazinaning kimga tegishli ekanini va uning jinoyat olamiga aloqasi bor-yo‘qligini aniqlamoqda. Van Asshening avlodlari besh yil davomida ushbu boyliklarga egalik huquqini da’vo qilishlari mumkin. Shuningdek, binoni qayta ta’mirlayotgan buyurtmachi va pudratchi tashkilot ham xazinaning bir qismidan umidvor.

Tergov yakunlangunga qadar oltinlar Bryusseldagi federal qo‘riqxonada saqlanadi. Xazinani topib olgan Kobe ham o‘z halolligi uchun munosib mukofot puli olishdan umid qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring