Tramp Eronga bosimni kuchaytirmoqda – Bild
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi bosimni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bild nashri tahliliga ko‘ra, Vashington endi harbiy harakatlar bilan bir qatorda Tehronning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarini cheklashga urinmoqda.
Urushning dastlabki bosqichida amalga oshirilgan zarbalarga qaramay, Eron hukumati saqlanib qoldi. Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harakatni cheklab, jahon neft bozoriga bosim o‘tkazdi. Bu yoqilg‘i narxlarining oshishiga olib keldi va Tramp ma’muriyatiga AQShning o‘zida ham tanqidlarni kuchaytirdi.
Biroq nashr bahosiga ko‘ra, vaziyat so‘nggi paytlarda o‘zgarmoqda va Eron tobora ko‘proq mudofaa holatiga o‘tmoqda.
AQSh Qurolli kuchlari Eronning asosiy bosim vositalaridan biri — Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish imkoniyatini qisman neytrallashtirgani aytilmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, har kecha 20 tagacha neft tankeri AQSh harbiylari nazorati ostida bo‘g‘oz orqali muqobil janubiy yo‘nalishdan o‘tkazilmoqda.
Amerikalik xavfsizlik eksperti Jonatan Shrodenning fikricha, tashish hajmi urushgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan hali ancha past. Shunga qaramay, bu chora jahon iqtisodiyoti uchun urush oqibatlarini, jumladan, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlari o‘sishini biroz yumshatishi mumkin.
AQSh bir vaqtning o‘zida Eron portlari va neft eksportiga ham bosimni kuchaytirmoqda. Neft savdosi Tehron uchun xorijiy valyuta tushumining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi.
Bild xabariga ko‘ra, Amerika harbiy kemalari Eron sohillariga yo‘l olgan ayrim yuk kemalari va tankerlarni to‘xtatmoqda.
Shrodenning ta’kidlashicha, Vashington bu orqali Eron rahbariyatiga mamlakat ichkarisidagi iqtisodiy bosimni ham kuchaytirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.
Nashr Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib, Eronda oziq-ovqat narxlari bir yil avvalgiga nisbatan ikki barobardan ko‘proq oshganini yozadi. Shuningdek, 2026 yilda mamlakat iqtisodiyoti 6,1 foizga qisqarishi prognoz qilinmoqda.
Tramp ma’muriyati Eronga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan davlatlar, kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlarga qarshi iqtisodiy cheklovlarni kengaytirishni ham ko‘zlamoqda.
Jonatan Shroden bu jarayonni Eronga qarshi kurashning «uchinchi bosqichi» deb baholagan. Uning fikricha, iqtisodiy va moliyaviy qarama-qarshilikda AQShning imkoniyatlari ancha yuqori va Vashington uzoq muddatli bosimga ko‘proq chidamli bo‘lishi mumkin.
Biroq sanksiyalar kutilgan natijani beradimi, hozircha noma’lum.
AQSh Moliya vazirligida ishlagan sanksiyalar bo‘yicha ekspert Kerri Bitsoff sanksiyalarning imkoniyatlarini ortiqcha baholamaslikka chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, iqtisodiy cheklovlarning o‘zi hukumatni ag‘darish uchun yetarli emas.
Shu bilan birga, xabarlarga ko‘ra, Tehronda yangi ommaviy norozilik namoyishlari boshlanishidan xavotir kuchaymoqda. Agar iqtisodiy vaziyat sabab aholi yana ko‘chalarga chiqsa, bu Vashingtonning yangi bosim strategiyasi samara berayotganining muhim belgisi bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter