Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampning oshkor qilish buyrug‘idan so‘ng NUJlar arxivi g‘oyib bo‘ldi

Trampning oshkor qilish buyrug‘idan so‘ng NUJlar arxivi g‘oyib bo‘ldi

AQSh hukumatiga tegishli maxfiy hujjatlarning 3,8 milliontadan iborat arxivi prezident Donald Tramp o‘zga sayyoraliklarga oid barcha materiallarni oshkor qilish haqida ko‘rsatma berganidan bir kun o‘tib, Black Vault serveridan g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Black Vault asoschisi, tadqiqotchi va ufolog Jon Grinevaldning ma’lum qilishicha, 20 fevral kuni asosiy server tozalangan va natijada noma’lum uchar jismlar (NUJ), Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy loyihalari hamda Jon Kennedining o‘ldirilishiga oid yuzlab gigabayt hujjatlar yo‘qolgan. Kataloglarga kirish huquqlari va fayllarga egalik jurnallari izohsiz o‘zgartirilgan.

Grinevaldning ta’kidlashicha, barcha 3,8 million fayl oldindan xavfsiz joylarda arxivlangan bo‘lib, sayt tez orada qayta tiklangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, holat serverga rejali texnik xizmat ko‘rsatish paytida xosting-provayder xatosi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo ataylab o‘chirish ehtimoli ham istisno qilinmaydi.

Black Vault 30 yildan ortiq vaqt davomida maxfiy dasturlar va o‘zga sayyora texnologiyalarini o‘rganish bilan bog‘liq holatlar haqidagi maxfiylikdan chiqarilgan materiallarni tizimlashtirib keladi. Arxivda Markaziy razvedka boshqarmasi, harbiy bazalar hujjatlari va guvohlar hisobotlari jamlangan bo‘lib, 1940 yillardan buyongi ma’lumotlar hamda Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun (FOIA) asosida olingan materiallar erkin qidiruv uchun taqdim etilgan.

Donald Tramp 20 fevral kuni mudofaa vaziri Pit Xegsetga hukumatning o‘zga sayyora hayoti, NUJ va noma’lum havo hodisalariga oid hujjatlarini oshkor qilish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgan. Oq uy rahbari bu ma’lumotlarni “juda murakkab, ammo nihoyatda qiziqarli va muhim masalalar” deb atagan.

Bundan sal avval Tramp AQShning sobiq prezidenti Barak Obamani o‘zga sayyoraliklar mavjudligi haqida maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgani uchun tanqid qilib, buni “katta xato” deb baholagan edi. Gap Obamaning bloger Brayan Tayler Koenga bergan intervyusi haqida ketmoqda. U o‘zga sayyoraliklar mavjudligi haqidagi savolga javob berar ekan, “ular haqiqiy”, degan, biroq shaxsan o‘zi ularni ko‘rmaganini ta’kidlagan.

“Ularni (o‘zga sayyoraliklarni) 51-zonada saqlashmayapti. Yer osti inshootlari ham yo‘q, agar buni AQSh prezidentidan yashirishmagan bo‘lsa...”, — deya qo‘shimcha qilgan Obama.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring