Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya: qo‘shimcha ish soatlari qisqaradi, chet ellik ishchilar uchun ikkita viza joriy etilmoqda

Yaponiya: qo‘shimcha ish soatlari qisqaradi, chet ellik ishchilar uchun ikkita viza joriy etilmoqda

Foto: «Zagran.guru»

Yaponiyada bugun, 1-apreldan mamlakat uchun juda muhim ikki islohotga kirishildi.

Birinchidan, hukumat qo‘shimcha ish soatlarini qonun bilan cheklab qo‘ydi (oyiga 100, yiliga 720 soatgacha). Ikkinchidan, yuqori malakali chet ellik ishchilar uchun ikkita yangi toifadagi viza joriy etilmoqda. Har ikki islohot bir-biriga chambarchas bog‘liq.

Qo‘shimcha ish soatlari cheklanishi — yaponlar orasida haddan ziyod ishlash oqibatidagi o‘limlar sonini kamaytirishga qaratilgan Sindzo Abe hukumati islohotining bir qismi. «Ko‘p ishlash» oqibatidagi o‘limlar Yaponiyada shunchalik ko‘pki, bu hodisa uchun maxsus nom o‘ylab topilgan — «karosi» (karoshi). Ayniqsa, 2015-yili Yangi yil bayrami arafasida ishga ko‘milib, oxiri o‘z joniga qasd qilgan reklama xizmati yosh xodimining o‘limi butun Yaponiyani larzaga keltirgandi.

Qo‘shimcha ish soatlari cheklanadi

Yaponiyada qo‘shimcha ish soatlari cheklanishi 1-apreldan yirik kompaniyalar uchun amalga kirdi: oyiga 100, yiliga 720 soatgacha — bundan ortig‘i mumkinmas. Keyingi yilgacha bu qoida o‘rta va kichik korxonalar uchun ham tatbiq etiladi.

Shu yo‘l bilan mehnat mahsuldorligini oshirishga umid qilinmoqda. Hukumat ko‘p ishlash oqibatidagi charchoq unumdorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan to‘xtamga keldi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yaponlar yiliga 1724 soat, nemislar 1298 soat ishlashadi.

Xorijliklar uchun viza

«Kunchiqar yurt» amalga oshirayotgan yana bir islohot chet eldan kelayotgan ishchilar uchun dasturdir. Uning doirasida yaqin besh yilda mamlakat iqtisodiyotining muayyan yo‘nalishlariga 345 ming nafar xorijlik mutaxassis jalb etiladi.

Aholisi 2008-yildan beri qisqarib kelayotgan Yaponiya rasman o‘zining qurilish va kemasozlik sohalari eshiklarini yuqori malakali chet ellik mutaxassislarga ochmoqda. Bu mutaxassislar va ularning oilalariga Yaponiyada besh yilgacha yashash imkonini beruvchi ishchi vizalar taqdim etiladi.

Oldingi immigratsion dasturlardan olingan tajribalar ko‘rsatishicha, bugungi kungacha ish kuni juda uzoq cho‘zilishi sababli yapon kompaniyalari chet ellik mutaxassislarni unchalik ham qiziqtira olmagan. Ish soatlarining qisqartirilishi xorijiy malakali ishchi kuchini Yaponiyaga jalb etishda muhim qadam bo‘lishiga Sindzo Abe hukumatining ishonchi komil.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring