Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Asaxiy.uz asoschisi nega mashina xarid qilmasligini izohladi

Asaxiy.uz asoschisi nega mashina xarid qilmasligini izohladi

Internet orqali maishiy texnika, elektronika, kitoblar va boshqa mahsulotlar sotuvi bilan shug‘ullanuvchi Asaxiy.uz internet-do‘koni asoschisi Feruz Allayev nega avtomobil xarid qilishni xohlamasligiga izoh berdi.

«Bir yil oldin nima uchun mashina xarid qilmasligim haqida post yozgan ekanman. Oradan bir yil o‘tib, to‘g‘ri qilganimga ishonchim yanada oshdi.

Bizda mashina shunchaki buyum yoki transport vositasi emas. Uning ijtimoiy ahamiyati bor, hatto juda oshirib yuborilgan. Mashina to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatimizning ayrim qatlamlarida odamning statusini belgilaydigan darajaga kelib qolgan.

Mana 6 yildirki mashina xarid qilishni qat’iy rad etib kelyapman. Odatda men taksida yoki metroda yurishimdan kӯpchilik hayron bo‘lishadi.

6 yil oldin ham, hozir ham bir xil fikrlayman. Manga o‘xshagan, asosan ishga va uchrashuvlarga qatnaydigan odamga mashinaning foydasidan zarari ko‘proq. Toshkent kabi taksi xizmatlari ancha arzon shaharlarda mashinalik bo‘lish unchalik ham shart emas. Viloyatlarda, tumanlarda, chekka qishloqlarda mashinasiz qiyin bo‘lishi tabiiy.

Men mashina sotib olmaslik uchun quyidagi sabablarni keltiraman:

  1. Toshkentda boshqa yirik megapolislar bilan solishtirganda taksi narxlari ancha arzon. Hisoblab ko‘rdim, «Yandex Taksi»da oddiy «Start» emas, odatda qulay mashina keladigan «Komfort» va «Biznes» tariflarida bir oyda o‘rtacha 2 000 000 so‘m atrofida xarajat qilar ekanman. Bir martalik taksi chaqirish o‘rtacha narxi 10 ming so‘m. Bu bugungi kurs bilan 1 dollar ham emas. Oddiy ish haqiga nisbatan ko‘p ko‘rinishi mumkin, lekin megapolislar bilan solishtirganda bu arzon narx.
  2. Mashinalar narxining qimmatligi. Bizda hozirgi kunda mashinalarga o‘rtacha narx 100 million so‘m, biznes klass mashinalar 300 million so‘mdan boshlanadi deb oladigan bo‘lsak, 100 million so‘m mening holatimda to‘rt yillik taksi xarajatlari degani. Shuningdek, G‘arbda bugungi kunda yangi avlod o‘z mablag‘larini buyumdan ko‘ra hissiyotga yoki o‘sishga sarflashga o‘rgangan. Buyum eskirib qolib ketadi. Lekin, chet elga sayohat, biror yangilikni o‘rganish odamda bir umrlik hissiyot qoldiradi. Kamida, pulingizni biror biznesga yoki omonatga qo‘ysangiz, yillik 25-30 foiz daromad olish bugungi kunda muammo emas.
  3. Mashinaning kundalik xarajatlari. Mashinaga benzin yoki gaz quyish, moy alishtirish, yuvish, buzilgan holatda ehtiyot qismlarini alishtirish, bularning hammasi pul turadi. Siz o‘zingiz bilmagan holda ancha summani ishlatib qo‘yasiz.
  4. Psixologik muammolar. Mashina haydash ham bir mas’uliyat. Doimiy diqqatni jalb qilish, bizdagi kabi harakat tartibsiz mamlakatlarda mashina haydash odamning asabini ancha charchatadi. So‘nggi yillarda Toshkent shahridagi probkalar kunning xohlagan qismida kuzatiladi. Har kuni yarim soat vaqtingiz probkada o‘tsa ham, ancha asabdan ayrilasiz.
  5. GAI va jarimalar. Rulda turib telefonda gaplashdingiz, tezlikni oshirdingiz yoki boshqa sabablar bilan «tushgan» shofyor borki, jarima to‘laydi. Mana shu jarimalarning o‘zi ham ortiqcha asabbuzarlik va bunga ham vaqtingiz, ham naqdingiz ketadi.
  6. Parking muammosi. Shaharda kundan-kunga mashinani to‘xtatishga yoki qoldirishga joy muammosi jiddiylashib bormoqda. Ko‘p joylarda «to‘xtash mumkin emas» belgisi qo‘yilgan bo‘lsa, yana boshqa joylarda shunchaki parking qimmat yoki joy yo‘q.
  7. Ekologik muammo. Har bir mashina tabiatga zarar yetkazadi. Zaharli gazlar shundoq ham shahar atmosferasini ancha buzishdi. Siz mashinani o‘rniga jamoat transportini tanlab, oz bo‘lsa-da ekologik muammoni jiddiylashmasligiga hissangizni qo‘shsangiz bo‘ladi.

Bu bilan mashina oladiganlarni yomonlash yoki olmaslikka chaqirmoqchi emasman. Shunchaki, odamlarimiz tushunishlarini xohlardimki, mashina shunchaki buyum. Qimmat mashina mingan bilan odam aqlli yoki yaxshi bo‘lib qolmaydi. Bu shunchaki harakatlanish imkoniyatini beradigan transport vositasi. Hayotda nimaga erishding deganda, mashinasini ko‘rsatadiganlarga rosti rahmim keladi. Mashina olish yoki olmaslikni har kimning o‘zi hal qiladi, har kim uchun o‘z qarori to‘g‘ri. Yagona so‘rayotgan narsam odamlarni mashinasiga qarab ajratmaslik.

Doim ko‘zlagan manzilga eson-omon yetib oling», deb yozadi tadbirkor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring