Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avtomashinani bojxonadan o‘tkazishda ishlatilgan hiyla «o‘xshamay» qoldi

Avtomashinani bojxonadan o‘tkazishda ishlatilgan hiyla «o‘xshamay» qoldi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Davlat bojxona qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik boshqarmasi va Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan soxta hujjatlar bilan import operatsiyalarini amalga oshiradigan «tadbirkorlar»ning bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga bo‘lgan urinishi fosh etildi.

Fuqarolar D.Sh. va Sh.X.lar Xitoyda ishlab chiqarilgan, siqilgan gazda harakatlanuvchi 2 ta «NOWO» rusumli avtomashinani rasmiylashtirish uchun Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasida «Bojxona ombori» bojxona rejimiga rasmiylashtirishadi.

Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 maydagi «Hududlarda ko‘p qavatli binolar qurish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4718-son qaroriga muvofiq dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi yuk avtomashinalarini 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda respublikamizga import qilishda imtiyoz qo‘llanilishini bilib qolgan uddaburonlar, 1,8 mlrd. so‘mlik imtiyozni qo‘lga kiritish maqsadida avtomashinalarni «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirib, qing‘ir rejasini amalga oshirish uchun mamlakatimizdan qayta olib chiqib ketishadi.

Oradan 1 oy vaqt o‘tib, uddaburon shaxslar avtomashinadagi gaz ballonlarini yechib, avtomashinaga yonilg‘i bakini o‘rnatib, avtomashinaning motor qismini esa siqilgan gazda emas balki dizel yonilg‘isida harakatlanishga vaqtinchalik o‘zgartirib qayta olib kirishadi.

Tabiiyki, hujjjatlar ham shu yo‘sinda soxtalashtiriladi.

Qonunbuzarlar jinoiy qilmishini yashirish maqsadida avtomashinalarning soxta hujjatlarini «Toshkent-tovar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim etadi.

Rasmiylashtiruv jarayonida Davlat bojxona qo‘mitasidagi maxsus dasturlar va Situatsion markazdagi ma’lumotlar, shuningdek ushbu 2 ta yuk avtomashinalarining identifikatsion belgilari orqali mazkur avtomashinalar ilgari yurtimizdan reeksport qilingani ma’lum bo‘ldi.

Hozirgi kunda dvigateli dizel yonilg‘isida emas, aslida siqilgan gazda harakatlanuvchi umumiy qiymati 2 milliard so‘mlik avtomashinalar vaqtincha saqlovga olindi va bojxona organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasining 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli tarkibiy tuzilmalari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijda ishlab chiqarilgan mashinalarni import qilishda soxta hujjatlar tayyorlab berayotgan shaxslardan iborat jinoiy guruh qo‘lga olingan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida ushbu qonunbuzar shaxslarning ish joylari ko‘zdan kechirilganida tovarlarning soxta yo‘l yuk kuzatuv hujjatlarini tayyorlashda foydalaniladigan kompter texnikalari hamda qo‘shni davlat idoralariga tegishli bo‘lgan 10 dan ortiq muhr va shtamplar borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi jinoiy guruhning boshqa a’zolarini hamda noqonuniy xatti-harakatlarini aniqlash va chek qo‘yish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda, — deyiladi DBQ xabarida.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring