Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Avtomashinani jarima maydonchasidan olib chiqish uchun qancha pora berish kerak?»

«Avtomashinani jarima maydonchasidan olib chiqish uchun qancha pora berish kerak?»

Navoiy shahrida avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun pora berishga urinish bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XB Navoiy viloyati xodimlari tomonidan viloyat IIB YHXB YPXO 1-safarbarlik guruhi YPX inspektorlari S.Qudratov, Z.Muxammadov, M.Abduvohidovlarning bildirgisi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Murojaatga ko‘ra, 1992 yil tug‘ilgan, Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani, «Yangi» MFYda istiqomat qiluvchi, haydovchi H.S.ga tegishli bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashina jarima maydonchasiga olib kelingan. H.S.ning iltimosiga ko‘ra tanishi – 1989 yil tug‘ilgan, Toshkent viloyati, Yuqori-Chirchiq tumani, «Yoshlik» MFYda yashovchi F.J. avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilib, viloyat IIB YHXB YPXO 1-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori S.Qudratovga avtomobilni chiqarib olish evaziga 100 AQSh dollari hamda 500 ming so‘m pul mablag‘larini pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

«Yegan og‘iz uyalar» qabilida ish ko‘rishga odatlangan, pora berish orqali ishini yengil bitirishga o‘rgangan H.S. hamda F.J. qilmishlari ortidan o‘zlari uyatga qoldi. Mazkur holat yuzasidan aybdorlar qonun doirasida tegishli tartibda jazolandi.

«Jamiyatimizda korrupsiyaning ildiziga bolta urishda IIO xodimlari mas’uliyat bilan harakat qilishmoqda. Biroq, fuqarolar ham qonunga xilof tarzda faoliyat olib bormasligi, adolat mezonlariga tayangan holda ish yuritishi maqsadga muvofiqdir. Zero, mansabdor shaxslarning o‘zlariga ishonib topshirilgan huquq hamda vakolatlarini suiiste’mol qilishlarida fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari birlamchi omil sanaladi. Zero, O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asarida keltirilgan: «Porani iymonsiz odam iymonsiz odamga beradi!..» – rostlik ostidagi achchiq haqiqatidan barchamiz ibrat olsak arziydi», — deya taniqli adibning so‘zlaridan misol keltiriladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring